O‘zbekistonda Amazon Leo interneti ishga tushadi

AQSHdagi mazkur kompaniya O‘zbekistonda internet xizmatlarini ko‘rsatishni boshlaydi. Uning mahalliy hamkori Uz-Sat bo‘ladi. Bu borada tegishli kelishuv imzolangani haqida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu hujjatlar Toshkentda 16–18 iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan.

Amazon Leo sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i xizmatlardan foydalanuvchilar nafaqat shahar hududlarida, balki telekommunikatsiya infratuzilmasi cheklangan yoki mavjud bo‘lmagan olis va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari hamda hududlarda ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Internetga ulanish Amazon Leo tomonidan taqdim etiladigan kompakt terminallar orqali amalga oshiriladi. Ular uch turda taklif etiladi: Nano, Pro va Ultra. Maxsus resurslarda qayd etilishicha, Nano qurilmasi oddiy foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 100 Mbit/s dan boshlanadigan tezlikda internetga kirish imkonini beradi. U Pro versiyaga nisbatan eng asosiy, shaxsiy foydalanish uchun mos variant hisoblanadi. Ultra esa sanoat darajasidagi antenna bo‘lib, uning yordamida internet aloqasi 1 Gbit/s gacha yetishi mumkin. Shu tariqa AQSH kompaniyasi ham jismoniy shaxslar, ham yirik korxonalar ehtiyojini qondirishni maqsad qilmoqda.

O‘zbekiston mintaqada Amazon Leo bilan aloqa o‘rnatgan birinchi davlat emas. O‘tgan yil sentyabrda AQSHdagi ushbu operator Qozog‘istonda ham xizmat ko‘rsatishni boshlashi haqida xabar berilgan edi. U yerda amerikaliklarning yagona eksklyuziv hamkori “Qazaxtelekom” bo‘ladi. O‘sha paytda OAV ushbu kelishuv Amazon Leoning Markaziy Osiyodagi hajm jihatidan birinchi yirik investitsiyasi ekanini ham yozgan edi.

ℹ️ Amazon Leo loyihasi (ilgarigi nomi Project Kuiper) — past Yer orbitasida joylashtirilgan 3000 dan ortiq sun’iy yo‘ldoshlardan iborat tarmoq bo‘lib, u dunyoning istalgan nuqtasida yuqori tezlikdagi keng polosali internetdan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan. Ushbu yo‘nalishni rivojlantirishga Amazon tomonidan yo‘naltirilayotgan investitsiyalar 10–20 milliard dollar atrofida deb baholanadi. Loyiha Ilon Mask tomonidan asos solingan SpaceX kompaniyasiga tegishli Starlink internet tarmog‘ining asosiy raqobatchilaridan biri hisoblanadi.