O‘zbekiston Yevropa bozorlariga chiqish uchun Durres portidan foydalanishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston va Albaniya Durres portidan O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqarishda logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatini o‘rganishga kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuvga 16 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Albaniya prezidenti Bayram Begay o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida erishildi. Bayram Begay rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda ushbu sammit ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida birinchi ekanini va O‘zbekiston bilan Albaniya munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqani ta’kidladi. Tomonlar siyosiy muloqot faollashgani va turli darajalardagi aloqalar ko‘payganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muzokaralarda asosiy e’tibor tovar aylanmasini oshirish masalalariga qaratildi. Tomonlar keng qamrovli hamkorlik dasturini tayyorlashga kelishib oldilar. Unda qishloq xo‘jaligi, «yashil energetika», geologiya, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish va turizm asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy bazasini kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Iqtisodiy hamkorlikni ilgari surish maqsadida hukumatlararo komissiya tuziladi. Ushbu komissiyaning birinchi yig‘ilishi joriy yili Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bayram Begayning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi 17 iyun kuni yakunlanadi.

ℹ️ Durres porti — Albaniyaning eng yirik porti bo‘lib, Durres shahrida joylashgan. Bu port mamlakatning eng yuklamasi yuqori bo‘lgan dengiz terminali hisoblanadi va Adriatika dengizi orqali yo‘lovchi hamda avtomobil tashuvlarida muhim rol o‘ynaydi.