Qozog‘istonning sharqidagi Sharqiy Qozog‘iston viloyatida ikkita yirik suv ombori — Zaysan va Tarbagatay tumanlaridagi Uydene va Qandisu avariya holatida deb tan olindi. Bu haqda “7 kanal” xabar berdi. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, gidrotexnik inshootlarning eskirishi 70 foizga yetgan, shu bilan birga ularda so‘nggi 60 yil davomida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan.
Dambalarning qoniqarsiz holati tufayli suv omborlari cheklovlar bilan ishlatilmoqda va qisman to‘ldirilgan. Bu esa hududda sug‘oriladigan yer maydonlarining qisqarishiga olib kelgan. Mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun hokimiyatlar muntazam ravishda inshootlarni tekshirib boradi va suv hajmini nazorat qiladi.
Eng murakkab vaziyat Uydene suv omborida saqlanib qolmoqda. Uning loyihaviy sig‘imi 75 mln kubometrni tashkil etadi, ammo hozirda to‘ldirish hajmi 46 mln kubometr bilan cheklangan.
Zaysan tumani hokimi Yermek Qorabayev ma’lum qilishicha, Uydene rekonstruksiyasi loyihasi texnik e’tirozlar sabab bir necha bor qayta ko‘rib chiqilgan. “Qazvodxoz” davlat korxonasi vakillarining aytishicha, avval tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan salbiy xulosa olgan, shundan so‘ng loyiha tashkiloti bilan shartnoma bekor qilingan. Hozirda hujjatlarni tuzatish ishlari korxonaning o‘zi tomonidan olib borilmoqda.
Uydene dambasini tiklash bo‘yicha yakuniy loyiha joriy yil oktyabrigacha tasdiqlanishi rejalashtirilgan, shundan keyin moliyalashtirish uchun budjet mablag‘lari jalb qilinadi.
Qandisu suv ombori uchun esa batafsil rekonstruksiya rejasi allaqachon tayyorlangan. Ta’mirlash ishlarini shu yil boshlash rejalashtirilgan.
Uydene va Qandisu dambalarini ta’mirlash haqida hokimiyatlar 2024 yili ham gapirgan, ushbu ishlar 2–3 yil ichida yakunlanishi rejalashtirilgan edi, ammo bu ishlar amalga oshmagan.



