O‘zbekistonda muhim minerallar ishlab chiqarishning to‘liq siklini yaratishga 4,2 mlrd dollar yo‘naltiriladi

O‘zTMK matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekistonda 2030 yilga qadar muhim minerallar konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlashni tashkil etishga qaratilgan 120 ta loyihani amalga oshirish uchun 4,2 milliard dollar investitsiya kiritiladi. Xomashyo bazasini rivojlantirish rejalari Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan taqdimotda ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur investitsiyalar hisobiga soha hajmini 2028 yilga borib 1 milliard dollarga, 2030 yilga kelib esa 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Mamlakatda bu yo‘nalishda katta salohiyat bor. Lekin hozirgi vaqtda O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining asosiy faoliyati asosan volfram va molibden ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmoqda. Vaholanki, yangi konlarni o‘zlashtirish, boyitish fabrikalari, gidro va pirometallurgiya zavodlarini qurish orqali 28 turdagi muhim minerallarni sanoat darajasida ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

2026 yilning o‘zida 166 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada yuqori soflikdagi selen, tellur va reniy kabi 3 turdagi yangi metall, kukun metallurgiyasi asosida avtodetallar singari 21 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hamda sulfat kislotasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, yangi quvvatlar hisobidan yuzlab ish o‘rinlari yaratiladi, budjet tushumlari va eksport imkoniyatlari ortadi.

Volfram va molibden bo‘yicha “xomashyo – qayta ishlash – tayyor mahsulot” zanjirini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu orqali faqat konsentrat yoki yarim tayyor mahsulot emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega metall kukunlari, qotishmalar, sterjenlar, simlar, sanoat uchun detallar va boshqa tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsad qilingan.

Buning uchun Chirchiq shahrida “Kelajak metallari” faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish belgilangan. Shuningdek ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari markazi (R&D) hamda geologiya, tog‘-kon sanoati va metallurgiya sohalaridagi loyihalar uchun zamonaviy tahliliy xizmatlar ko‘rsatuvchi nanoanaliz laboratoriyasi tashkil etiladi.

Laboratoriya to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng, bir sutkada mingtagacha namunani tahlil qilish imkoniyati yaratiladi. Bu esa 6,5 million dollarlik xizmatlar importini mahalliylashtirish va qo‘shimcha ravishda 4 million dollarlik xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Shavkat Mirziyoyev texnopark va uning rezidentlariga yer uchastkalari va infratuzilmadan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar berish, shuningdek startaplarni moliyalashtirish dasturini ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi. U yerda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori soflikdagi metallar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur sharoit yaratiladi.

Bundan tashqari, Chirchiqda Markaziy Osiyoda muhim minerallar bo‘yicha yagona ilmiy-tadqiqot va texnologik markazni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, istiqbolli maydonlar va konlarni xalqaro standartlar asosida baholash, shuningdek texnogen chiqindilarni qayta ishlash muhimligi qayd etildi. Shu bilan birga, sohadagi loyihalarni jadal amalga oshirish uchun xorijiy investorlar va texnologik hamkorlarni faol jalb qilish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, raqamlashtirishni keng joriy etish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, texnogen chiqindilarni qayta ishlash va xorijiy investorlarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi. Shuningdek, raqamlashtirishni jadallashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish zarurligi alohida ta’kidlandi. Prezident muhim minerallar sohasi yangi sanoat tarmoqlarini shakllantirish, eksportni ko‘paytirish, texnologik mustaqillikni ta’minlash va yuqori malakali ish o‘rinlari yaratishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.