Yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishda aybdor deb topilgan Dushanbe xalqaro aeroportining sobiq besh nafar xodimi Tojikiston budjetiga 798 ming somoni (taxminan 86 ming AQSH dollari) to‘ladi. Bu haqda “Ozodi” (Ozodlik radiosining tojik xizmati) sud materiallariga tayanib xabar berdi.
Dushanbe shahar sudi mazkur ish bo‘yicha hukmni 2026 yil 30 yanvarda chiqargan. Sudlanuvchilar qatorida aeroport direktorining sobiq o‘rinbosari Asliddin Malikzoda, ta’minot xizmati sobiq rahbari Muhriddin Davlatov, bosh buxgalter Tag‘oymurod Jo‘razoda, shuningdek Parviz Ismatulloyev va Muqim Xolov bor.
Beshala shaxs ham yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirish va rastrata qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish hamda hujjatlar va davlat mukofotlarini boshqa shaxslarga noqonuniy berishda aybdor deb topilgan.
Tayinlangan jarimalar miqdori har biri uchun turlicha bo‘lgan: Malikzoda — 138 750 somoni (taxminan 15 ming dollar), Davlatov — 165 ming somoni (18 ming dollar), Jo‘razoda — 157 500 somoni (17 ming dollar), Ismatulloyev — 187 500 somoni (20 ming dollar), Xolov — 150 ming somoni (16 ming dollar) to‘lashi lozim bo‘lgan.
Sud Malikzodadan tashqari barcha mahkumlarga uch yil davomida har qanday rahbarlik yoki mansabdorlik lavozimlarini egallashni taqiqladi. Sudning «Ozodi» nashriga bergan javobida «mahkumlar davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagani» qayd etilgan.
Ayni paytda Tojikiston Oliy sudida aeroportning sobiq bosh direktori Ismatullo Abdullozodaga oid ish ko‘rib chiqilishi yakunlanmoqda. U qo‘l ostidagilar bilan birgalikda 1,245 milliard somoni (taxminan 133 million dollar) mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblangan.
«Hozirgi vaqtda sud tergovi yakunlangan. Sud munozaralari eshitilganidan so‘ng sud qarori chiqariladi», — deyiladi idora javobida.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, Abdullozoda zararning o‘ziga tegishli qismi — 94,3 million somoni (taxminan 10 million dollar)ni allaqachon to‘lagan. Endi u yana qariyb 922 million somoni (taxminan 100 million dollar)ni qaytarishi lozim.
2016 yildan beri aeroportni boshqarib kelgan Abdullozoda 2025 yil may oyida qo‘l ostidagilar bilan birga hibsga olingan edi. O‘shanda Tojikiston korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi jinoyat ishida 22 nafar shaxs ishtirok etganini ma’lum qilgandi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilar bir kunlik firmalardan foydalanib, tovar va materiallar xaridi ko‘rinishida aeroport mablag‘larini chiqarib ketish va o‘zlashtirish orqali 1,245 milliard somoni miqdorida zarar yetkazgan. Oradan to‘rt oy o‘tib, Abdullozoda va yuqorida nomi tilga olingan besh nafar sobiq xodim tilxat asosida ozod qilingan. Qolgan figurantlarning taqdiri haqida ma’lumot berilmagan.



