Qarshi shahrining «Nasaf» futbol klubi Osiyo chempionlar ligasi-2 guruh bosqichining birinchi turida Bahraynning «Al-Xaldiya» klubi bilan durang o‘ynadi. 16 sentyabr kuni Bahraynning Riffa shahridagi Milliy stadionda bo‘lib o‘tgan uchrashuv 0:0 hisobida yakunlandi.
Mezbonlar uchrashuvni faol boshlab, Abduvahid Ne’matov darvozasi yaqinida bir nechta xavfli vaziyatlar yaratdi. Biroq, «Nasaf» darvozaboni o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Qarshiliklar safida Oybek Rustamov va Akrom Komilov xavfli zarbalar yo‘lladi. Tanaffus arafasida Bobur Abdixoliqov boshi bilan zarba berdi, ammo jamoalardan hech biri hisobni ocha olmadi.
Ikkinchi bo‘limda «Al-Xaldiya» bosimni davom ettirdi, uchrashuv yakuniga yaqin esa «Nasaf» g‘alaba golini urish uchun bir nechta imkoniyatga ega bo‘ldi.
«A» guruhining boshqa bir uchrashuvida BAAning «Al-Vahda» klubi o‘z maydonida Quvaytning «Al-Quvayt» jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Mehmonlar dastlabki sakkiz daqiqa ichida 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi, biroq «Al-Vahda» hisobni tenglashtirdi, 97-daqiqada esa Kristian Benteke g‘alaba golini urdi. Birinchi turdan so‘ng Abu-Dabi jamoasi uch ochko bilan peshqadamlik qilmoqda, «Nasaf» va «Al-Xaldiya» hisobida esa bir ochkodan bor.
«Nasaf» keyingi uchrashuvini 14 oktyabr kuni Qarshida «Al-Vahda»ga qarshi o‘tkazadi.
Joriy mavsumda O‘zbekiston klublari umuman olganda Osiyo musobaqalarida muvaffaqiyatli start oldi. Osiyo chempionlarining elita ligasida Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘z maydonida Iroqning «Eyr Fors» jamoasini mag‘lub etdi. «Paxtakor» esa Jidda shahrida musobaqaning amaldagi g‘olibi «Al-Ahli» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Osiyo chempionlar ligasi-2da Turkmanistonning «Arkadag» klubi ham musobaqani muvaffaqiyatli boshladi. Birinchi turda u o‘z maydonida Bahraynning «Al-Muharraq» jamoasini mag‘lub etdi.
Qayd etish joiz, o‘tgan mavsumda «Nasaf» Osiyo chempionlarining elita ligasida ishtirok etgandi. Qarshi klubi musobaqaning umumiy bosqichida sakkizta uchrashuv o‘tkazib, to‘rt ochko jamg‘ardi va pley-off bosqichiga chiqa olmadi. «Nasaf» yagona g‘alabasini so‘nggi turda BAAning «Sharja» klubi ustidan qozongandi.



