O‘zbekiston klublari OFK Elit Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli start oldi

«Paxtakor» futbolchilari. «Paxtakor» FK fotosurati

O‘zbekistonning «Neftchi» va «Paxtakor» klublari OFK Elit Chempionlar ligasining 2026/27 yilgi mavsumi umumiy bosqichidagi ishtirokini muvaffaqiyatli boshladi. Farg‘ona klubi o‘z maydonida Iroqning «Al-Kuva Al-Djaviya» jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Toshkent jamoasi safarda Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» klubi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.

«Neftchi» Farg‘onada Iroq klubini qabul qildi va uchrashuvning aksariyat qismida raqibidan faolroq harakat qildi. Mezbonlar bir nechta xavfli vaziyatlar yaratdi, biroq uzoq vaqt davomida o‘z ustunligini golga aylantira olmadi.

G‘alaba goli 83-daqiqada urildi. Kot-d'Ivuarlik himoyachi Koffi Kuao o‘ng qanotdan uzatma amalga oshirdi, serbiyalik hujumchi Zoran Marushich esa boshi bilan zarba berib, to‘pni darvoza to‘riga joyladi. Ushbu gol Islambek Ismoilov shogirdlariga turnirdagi dastlabki uch ochkoni taqdim etdi.

«Paxtakor»ni esa ancha murakkab start kutgan edi. Toshkent klubi Jidda shahrida OFK Elit Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi «Al-Ahli»ga qarshi maydonga tushdi.

Saudiya jamoasi tashabbusni o‘z qo‘lida ushlab turdi va ko‘plab vaziyatlar yaratdi. Biroq «Paxtakor» darvozaboni Vladimir Nazarov bir necha bor jamoasini goldan qutqardi. 85-daqiqada Flamarion O‘zbekiston klubini oldinga olib chiqdi va «Paxtakor» sensatsion g‘alabaga yaqin keldi.

«Al-Ahli»ni mag‘lubiyatdan faqat qo‘shimcha vaqtdagi gol qutqardi. 93-daqiqada Firas Al-Buraykan hisobni tenglashtirdi — 1:1.

Shu tariqa, O‘zbekistonning ikki vakili birinchi turda mumkin bo‘lgan olti ochkodan to‘rt ochko jamg‘ardi.

OFK Elit Chempionlar ligasining navbatdagi o‘yinlari 12 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. «Neftchi»ni umumiy bosqichdagi eng murakkab safarlardan biri kutmoqda — farg‘onaliklar Ar-Riyodda Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubiga qarshi o‘ynaydi.

«Paxtakor» esa ikkinchi tur uchrashuvini o‘z maydonida o‘tkazadi. Toshkentliklar Saudiya Arabistonining yana bir vakili — «Al-Qodisiya»ni qabul qiladi.

O‘zbekistonning yana bir klubi — «Nasaf» OFK Chempionlar ligasi-2 musobaqasida ishtirok etmoqda. Qarshi jamoasi BAAning «Al-Vahda», Kuvaytning «Kuvayt SK» va Bahraynning «Al-Xaldiya» klublari bilan birga A guruhidan joy olgan.

«Nasaf» birinchi uchrashuvini 16 sentyabr kuni Bahraynda «Al-Xaldiya»ga qarshi o‘tkazadi. Bahs Bahrayn Milliy stadionida bo‘lib o‘tadi.