2028 yilgi UYEFA Superkubogi uchun o‘yinlar Ostonadagi «Astana Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi. Bunday qarorni 15 sentyabr kuni Salonikida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqining Ijroiya qo‘mitasi qabul qildi, deb xabar beradi UYEFA rasmiy sayti.
Qozog‘iston ilk bor UYEFA Superkubogi uchun bo‘ladigan o‘yinlarga mezbonlik qiladi. Unda o‘tgan mavsumdagi Chempionlar ligasi va Yevropa ligasi g‘oliblari o‘zaro kuch sinashadi.
«Astana Arena»ni tayyorlash jarayonida tashkilotchilar maydon qoplamasi masalasini hal qilishi kerak. 2025 yil boshida yakunlangan rekonstruksiyadan so‘ng stadionga isitish va sug‘orish tizimlari bilan jihozlangan yangi sun’iy gazon yotqizilgan. Shu bilan birga, UYEFA Superkubogining amaldagi reglamentiga ko‘ra, match tabiiy gazonli maydonda o‘tkazilishi kerak.
Bunday muammo avval ham yuzaga kelgan. «Astana Arena» 2019 yilgi UYEFA Superkubogini o‘tkazishga da’vo qilgan edi. UYEFAning arizalar bo‘yicha hisobotida stadionda sun’iy qoplama borligi, Qozog‘iston tomoni esa uni tabiiy gazonga almashtirish imkoniyatini o‘rganayotgani qayd etilgan. Oxir-oqibat, 2019 yilgi o‘yinlar Istanbulda bo‘lib o‘tgan.
Shu bilan birga, Qozog‘iston UYEFAning futzal bo‘yicha final musobaqalariga mezbonlik qilgan. Olmaota 2011, 2017 va 2019 yillarda futzal bo‘yicha Yevropaning asosiy klublar turniri hal qiluvchi bosqichlarini qabul qilgan. 2011 yilda musobaqalar Baluan Sholaq nomidagi Sport saroyida, 2017 va 2019 yillarda esa «Almati Arena»da o‘tkazilgan.
«Astana Arena» 2009 yilda ochilgan bo‘lib, taxminan 30 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Bu yerda Qozog‘iston terma jamoasi va poytaxtning «Astana» klubi o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadi. 2025 yilda stadionda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari yakunlandi. Unda, jumladan, muhandislik tizimlari yangilandi va maydonning sun’iy qoplamasi almashtirildi.
UYEFA Superkubogining amaldagi sohibi — Fransiyaning PSJ klubi. Sovrin uchun bahsda parijliklar Angliyaning «Aston Villa» jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv 12 avgust kuni Avstriyaning Zalsburg shahridagi «Red Bull Arena» stadionida bo‘lib o‘tdi. 2027 yilgi UYEFA Superkubogi uchun o‘yinlar Amsterdamdagi «Yoxan Kroyf Arena»da o‘tkaziladi.



