OAV: Turkmanistonda OIVga chalingan bemorlarga hayotiy muhim dorilarni berish toʻxtatildi

Foto: TASS

Turkmanistonning Bolqon viloyatidagi tibbiyot muassasalari odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) bilan yashovchi bemorlarga salomatlikni saqlash uchun zarur boʻlgan dori-darmonlarni berishni toʻxtatdi. Shu sababli kasallangan koʻplab insonlarning ahvoli ogʻirlashgan, oʻlim holatlari soni ham ortgan. Bu haqda vaziyatdan xabardor shifokorlarning soʻzlariga tayanib, Ozodlik radiosining mahalliy byurosi — «Azatlik» xabar bermoqda.

Xususan, Bolqonobod shahrilik mutaxassis bemorlarga immunomodulyatorlar va immunostimulyatorlar guruhiga mansub preparatlarni berish toʻxtatilganini, shuningdek, zarur inyeksiyalar ham qilinmayotganini aniqlashtirdi. Uning soʻzlariga koʻra, sogʻliqni saqlash boshqarmasi endilikda OIV bilan yashovchi insonlarga dori ajratishni ortiqcha deb hisoblamoqda.

Shu bilan birga, boshqa tibbiyot xodimlari beshta tabletkaning narxi taxminan 200 manatni (qariyb $120) tashkil etishini, holbuki ularni har kuni qabul qilish shartligini maʼlum qildi. Yaʼni, virus yuqtirgan koʻplab bemorlarning qimmatligi sababli bu dorilarni sotib olishga qurbi yetmaydi. Natijada, immunitet tizimini quvvatlovchi vositalar boʻlmagani bois bemorlar vazn yoʻqotmoqda. Vafot etganlar ham bor, deya qoʻshimcha qildi «Azatlik» suhbatdoshi.

Jurnalistlar turkman amaldorlarining bunday xatti-harakatlari sababini aniqlashga uringan. Biroq Bolqon viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi bu kabi masalalar bilan mintaqaviy OIV/OITS xizmati shugʻullanishini aytgan. Radiostansiya tahririyati maxsus markaz bilan ham telefon orqali bogʻlangan, ammo uning vakili izoh berishdan bosh tortdi va goʻshakni qoʻyib qoʻygan.

Yevropada istiqomat qiluvchi va OIV tashxisi qoʻyilgan turkmanistonlik migrant Dovut Omerovning soʻzlariga koʻra, 2020 yillar boshida bemorlar zarur preparatlarni xalqaro tashkilotlar amalga oshirayotgan dasturlar doirasida olib turgan. Yaʼni, respublika hukumati aslida avval ham hech qanday yordam koʻrsatmagan.

Shuningdek, mamlakatda OIV bilan yashovchi insonlarning aniq soni ham nomaʼlum boʻlib qolmoqda. Rasmiy statistikaga muvofiq, Turkmanistonda OIV/OITSga qarshi kurashish boʻyicha yettita markaz faoliyat yuritmoqda va ularda jami ikki mingga yaqin kishi hisobda turadi. Biroq shifokorlarning fikricha, asl koʻrsatkich ancha yuqori boʻlishi mumkin. Hukumat muammo koʻlamini xalqaro hamjamiyat koʻrmasligi uchun maʼlumotlarni yashirishni maʼqul koʻrmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, virusga chalingan fuqarolar ham davlat, ham jamiyat tomonidan bosimga duch kelmoqda. Masalan, virusni qandaydir yoʻl bilan «yuqtirib olish»dan qoʻrqib, yaqinlari ularni uydan haydab chiqargan holatlar qayd etilgan. Oilaviy shifokorlardan birining taʼkidlashicha, Milliy xavfsizlik vazirligi xodimlari bemorlarning harakatlanishini kuzatish uchun ularga GPS-qurilmalar oʻrnatmoqda. Bunda poliklinika shifokorlariga bunday insonlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish taqiqlangan, yaʼni salomatlik haqidagi maʼlumotlarni yopiq eshik ortidan gaplashib toʻplash talab qilinadi.

OAV suhbatdoshlaridan biri ta’kidlashicha, davlat siyosati bemorlarni yanada kuchli ruhiy zarbaga duchor qilmoqda va ularning barvaqt oʻlimiga sabab boʻlmoqda. Vaholanki, OIV havo-tomchi yoʻli bilan yuqmaydi, toʻgʻri davolash va psixologik dalda orqali esa bemorning umrini oʻnlab yillarga uzaytirish mumkin.