Qirgʻizistonda chegaradagi toʻqnashuvlardan jabr koʻrganlar Tojikiston topshirgan 170 ta uyni oladi

kabar.kg saytidan olingan surat

Qirgʻizistonning Botken viloyatida Tojikiston bilan hududlar almashinuvi natijasida respublika ixtiyoriga oʻtgan 170 ta uyni taqsimlash rejalashtirilmoqda. Koʻchmas mulk 2021–2022 yillarda qirgʻiz-tojik chegarasidagi qurolli nizolar paytida turar joyi zarar koʻrgan fuqarolarga ajratiladi, deb xabar beradi «Kabar» agentligi Qirgʻiziston prezidentining Botken viloyatidagi vakolatxonasiga tayanib.

Hududlar almashinuvi natijasida Qirgʻiziston jami 213 ta uyni qabul qilib olgan boʻlib, shundan 170 tasi yashash uchun yaroqli deb topilgan. Ularni taqsimlash bilan prezidentning vakolatli vakili birinchi oʻrinbosari Baktibek Toksonbayev boshchiligidagi viloyat ishchi guruhi shugʻullanmoqda.

Birinchi navbatda, 2021–2022 yillardagi qurolli toʻqnashuvlar oqibatida bitta yer uchastkasida joylashgan ikkita uyi yaroqsiz holga kelgan fuqarolarning murojaatlari koʻrib chiqilmoqda. Tojikistondan qabul qilib olingan binolarni ularga ikkinchi uy sifatida berish rejalashtirilgan.

Ishchi guruh Qirgʻiziston prezidentining Botken va Oʻsh viloyatlarining jabr koʻrgan hududlarini qayta tiklash toʻgʻrisidagi 2022 yil 17 sentabrdagi farmoniga muvofiq shakllantirilgan davlat komissiyasi qarori asosida tuzilgan.

Toksonbayevning taʼkidlashicha, koʻchmas mulkni taqsimlash xolisona va qonun talablariga qatʼiy rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak. Uylarni yangi egalariga yaqin kunlarda topshirish koʻzda tutilmoqda.

Bundan oldin Qirgʻiziston hukumati davlat chegarasi oʻzgarishi oqibatida koʻchmas mulki Tojikiston hududida qolib ketgan fuqarolar uchun 257 ta yangi turar joy qurilganini maʼlum qilgan edi. Ushbu uylar Botken viloyatining Yangi-Doʻstlik, Maqsat qishloqlarida hamda Razzoqov shahrida qad rostlagan.

2025 yil mart oyida Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon chegarani delimitatsiya qilish boʻyicha koʻp yillik muzokaralarni yakunlab, davlat chegarasi toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladilar. Kelishuv, jumladan, chegaradosh hududlarning ayrim uchastkalarini almashishni ham nazarda tutgan edi. Oʻsha vaqtda qurolli toʻqnashuvlardan keyin yopib qoʻyilgan ikkita nazorat-oʻtkazish punktining faoliyati ham qayta tiklandi.

Qirgʻiz-tojik chegarasidagi yirik toʻqnashuvlar 2021 yilning aprelida va 2022 yilning sentabrida yuz bergan edi. Ular odamlarning qurbon boʻlishi, uy-joylarning vayron etilishi hamda chegaraoldi hududlari aholisining ommaviy evakuatsiya qilinishi bilan kechgan. 2025 yil martida tomonlar umumiy chegaraning oʻtish chizigʻi boʻyicha kelishuvlarni huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻydilar.