Japarov qirg‘izistonlik muhojirlarni Vatanga qaytishga chaqirdi: «Qaytinglar, ish bor»

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarini o‘z yurtiga qaytishga chaqirdi. Bu haqda Kaktus.media xabar berdi.

Prezident Batken viloyatining Laylak tumani aholisi bilan uchrashuvda so‘nggi vaqtlarda Qirg‘izistondan xorijga ishlash uchun ketayotgan mehnat muhojirlari soni kamayganini, biroq ularning soni hali ham nolga tushmaganini ta’kidladi.

«Biz migrantlarni doimiy ravishda qaytishga chaqiramiz: “Kelinglar, qaytinglar, ish o‘rinlari bor”. Ular qaytib kelsak, nima qilamiz, deb so‘rashadi. Go‘yoki o‘z yurtida ish yo‘qdek. Biz aynan shuning uchun Davlat ipoteka kompaniyasi orqali uy-joylar quryapmiz. Sovuq va issiqqa qaramay, qurilish kechayu kunduz davom etmoqda. Bu migrantlarning xorijga ketmasligi, ketganlarning esa qaytib kelishi maqsadida qilinyapti. Agar farzandlaringiz chetda bo‘lsa, ularni chaqiring, qaytib kelishsin. Bu yerda ish yo‘q, degan gaplar shunchaki bahona. Ish bor», — dedi davlat rahbari.

Qadamjoy tumani va Qizilqiya shahri aholisi bilan uchrashuvda Japarov Batken viloyati Qirg‘iziston uchun strategik jihatdan muhim hudud ekanini ta’kidladi.

«Bugun amalga oshirilayotgan barcha ishlar Batkenning ertangi taraqqiyoti uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Yo‘llar va maktablar qurilmoqda, bolalar bog‘chalari ochilmoqda. Aholi punktlarini bosqichma-bosqich toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, shifoxonalarni ta’mirlash va sport inshootlarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Bizning maqsadimiz — Batken viloyatini iqtisodiyoti kuchli, ishlab chiqarishi, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, savdo va turizm sohalari rivojlangan hududga aylantirish», — deya xulosa qildi prezident.

Qirg‘iziston hukumati avval ham mehnat migrantlarini Vatanga qaytishga chaqirgan. Xususan, 2026 yil iyul oyida Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Qulubayev «Birinchi radio» efirida mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish natijasida ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilgani va ish haqi oshganini ma’lum qilgandi.

«Temir yo‘l va gidroelektr stansiyalarini qurish uchun malakali mutaxassislar — elektriklar, santexniklar, tokarlar va duradgorlar kerak. Bugun ekskavator va traktor haydovchilari 80–90 ming som (o‘rtacha 1000 dollar) maosh olishmoqda, bundan kam emas», — dedi Qulubayev. Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘z yurtida ishlash xavfsizroq, shuningdek, ipoteka rasmiylashtirish imkoniyati mavjud.

Qirg‘iziston Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon mamlakat tashqarisida 736,6 ming nafar Qirg‘iziston fuqarosi mehnat qilgan. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 798,4 ming nafarni tashkil etgan. Mehnat muhojirlari uchun asosiy yo‘nalish hanuz Rossiya bo‘lib qolmoqda. Mart oyida u yerda Qirg‘izistonning 472 mingdan ortiq fuqarosi bo‘lgan. Qirg‘izistonlik muhojirlar boshqa mamlakatlarda ham mehnat qilmoqda: Qozog‘istonda — taxminan 70 ming nafar, Turkiyada — 35 ming nafar atrofida, AQSHda — 60 ming nafarga yaqin, Janubiy Koreyada — 18 ming nafar atrofida, Germaniyada — 20 ming nafardan ortiq, Birlashgan Arab Amirliklarida — 10 ming nafarga yaqin, O‘zbekistonda — 6 ming nafardan ortiq, Italiyada — 5 ming nafardan ziyod, Buyuk Britaniyada esa taxminan 7 ming nafar qirg‘izsitonlik mehnat qilmoqda. 2025 yilda mehnat migrantlari Qirg‘izistonga 3,1 milliard AQSH dollari miqdorida pul o‘tkazgan.