Xitoy Mudofaa vazirligi O‘zbekistonga J-10CE qiruvchi samolyotlari yetkazib berilganini tasdiqladi

O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari safidagi Chengdu J-10CE qiruvchi samolyoti

Xitoy Mudofaa vazirligi ilk bor O‘zbekistonga J-10CE ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlari yetkazib berilganini rasman tasdiqladi. Bu haqda sina.com.cn xabar berdi.

24 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistning samolyotlarni O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlariga yetkazib berish yakunlangani haqidagi savoliga javob bergan Xitoy Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Szyan Bin Xitoy va O‘zbekiston, shuningdek, ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona xususiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlikning me’yoriy rivojlanishi xalqaro huquq va xalqaro amaliyotga mos keladi hamda uchinchi bir davlatga qarshi qaratilmagan.

Shu tariqa, O‘zbekiston Pokistondan keyin J-10CE qiruvchi samolyotlarining ikkinchi xorijiy buyurtmachisi va operatoriga aylandi.

J-10CE samolyoti Chengdu Aircraft Corporation tomonidan ishlab chiqilgan 4,5-avlodga mansub Xitoy ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotining eksport versiyasidir. Samolyot faol fazali antenna panjarasiga ega bort radiolokatsiya stansiyasi va zamonaviy radioelektron kurash majmuasi bilan jihozlangan. U havoda ustunlikni qo‘lga kiritish, shuningdek, yerdagi nishonlarga zarba berish vazifalarini bajara oladi.

Samolyotlar yetkazib berilgani 2026 yil avgust oyi oxiridayoq amalda tasdiqlangan edi. O‘shanda O‘zbekiston davlat televideniyesi birinchi marta milliy Harbiy-havo kuchlarining tanish belgilari tushirilgan kamida oltita J-10CE qiruvchi samolyoti tasvirlangan kadrlarni namoyish etgandi. Kadrlar mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan namoyish qilingan. Samolyotlar Qarshi-Xanobod aviabazasida ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston buyurtma qilgan qiruvchi samolyotlarning aniq soni rasman oshkor etilmagan. Gap umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan 24 ta samolyot haqida borayotgan bo‘lishi mumkin, biroq bu raqamlar rasman tasdiqlanmagan. Bir qiruvchi samolyotning taxminiy narxi qurol-yarog‘ va shaxsiy tarkibni o‘qitish xarajatlarini hisobga olmagan holda 40–50 million dollarni tashkil etadi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston jangovar aviatsiya parkini zudlik bilan yangilash zarurati tufayli Xitoy qiruvchi samolyotlarini tanlagan. O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlaridagi asosiy jangovar samolyotlarning o‘rtacha yoshi taxminan 37 yil deb baholanmoqda. Qurollanishda bo‘lgan Su-27 qiruvchi samolyotlari konstruksiyaning eskirishi va ehtiyot qismlar yetishmasligi sababli taxminan 2020 yilda ekspluatatsiyadan chiqarilgan. Qolgan MiG-29 qiruvchi samolyotlari va Su-25 hujum samolyotlarining ham xizmat muddati tugashi yaqinlashmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston Rossiyaning Su-30SM samolyotlarini xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan, Moskva bilan muzokaralar 2017 yildan beri olib borilgan edi. Biroq, yakunda Xitoy texnikasi foydasiga qaror qabul qilingan. Bunda J-10CE samolyotining jangovar tajribasi ham rol o‘ynagan. 2025 yil may oyida Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi havo to‘qnashuvi davrida Pokiston Harbiy-havo kuchlarining J-10CE qiruvchi samolyotlari haqiqiy jangovar sharoitda qo‘llanilgan. Keyinchalik Xitoyning Davlat mudofaa ilmi, texnikasi va sanoati boshqarmasi ushbu samolyotlar havo jangida g‘alabalarga erishganini rasman tasdiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda O‘zbekistonda havo mudofaasi kuchlari mashg‘ulotlarida Xitoydan xarid qilingan FD-2000 zenit-raketa majmualari birinchi marta qo‘llanilgan edi.