O‘zbekiston 2030 yilga qadar tennis bo‘yicha Osiyoning kuchli beshligiga kirish niyatida

srednyadm.ru sayti fotosurati

O‘zbekiston hukumati 2030 yilga qadar mamlakatni tennis bo‘yicha Osiyoning kuchli beshligiga kiritishni, ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini esa 3 ming nafarga yetkazishni maqsad qilmoqda. Bu maqsadlar prezidentning 2026 yil 21 sentyabrdagi «Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, 2030 yilga qadar tennis bo‘yicha murabbiylar sonini 200 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hukumat tennisni istiqbolli sport turlari ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha choralar ko‘rishi kerak.

2026 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP), Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) va Xalqaro xotin-qizlar tennis assotsiatsiyasi (WTA) egidasidagi xalqaro musobaqalarni muntazam ravishda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Taqvimdan, shuningdek, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston Kubogi, o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida respublika chempionati, kattalar o‘rtasidagi Uzbekistan Open xalqaro turniri hamda ATP Challenger turkumiga kiruvchi erkaklar turniri ham o‘rin oladi.

O‘zbekiston professional tennisda yetarlicha boy tarixga ega. O‘zbekistonlik tennischilar orasida WTA reytingidagi eng yaxshi natijani Iroda To‘laganova qayd etgan. U 2002 yilda jahon reytingida 16-o‘ringa ko‘tarilgan va WTA turkumida yakkalikdagi uchta turnirda g‘olib chiqqan. Oqgul Omonmurodova esa yakkalik reytingida 50-o‘rinni, juftlik reytingida 36-o‘rinni egallagan.

Erkaklar o‘rtasida mamlakatning eng muvaffaqiyatli tennischisi hanuz Denis Istomin hisoblanadi. 2012 yilda u ATP reytingida 33-o‘ringa ko‘tarilgan, asosiy turdagi ikkita turnirda — 2015 yilda Nottingemda va 2017 yilda Chenduda — g‘olib chiqqan, shuningdek, «Katta dubulg‘a» turnirlarida uch marta to‘rtinchi bosqichgacha yetib borgan. Uning faoliyatidagi eng shov-shuvli g‘alabalardan biri 2017 yilgi Australian Open turnirining ikkinchi davrasida qayd etilgan. O‘shanda ATP reytingida 117-o‘rinda turgan Istomin 4 soat 48 daqiqa davom etgan uchrashuvda jahonning ikkinchi raketkasi Novak Jokovichni mag‘lub etgandi. 2018 yilda o‘zbekistonlik tennischi Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

So‘nggi oylarda O‘zbekiston xorijlik tennischilarni naturalizatsiya qilish va ularning sport fuqaroligini o‘zgartirish orqali ayollar terma jamoasini faol ravishda kuchaytirmoqda. Mamlakat Tennis federatsiyasi bir vaqtning o‘zida besh nafar sportchi — Kamilla Rahimova, Mariya Timofeyeva, Polina Kudermetova, Layma Vladson va Aleksandra Barmicheva — O‘zbekiston bayrog‘i ostida ishtirok etishga o‘tganini ma’lum qildi. Ular orasida eng so‘nggisi rossiyalik Kudermetova bo‘ladi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonda tennisga birinchi prezident Islom Karimov davrida alohida e’tibor qaratilgandi. Uning davrida mamlakatda yirik xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib turilgan. 1994 yilda Toshkentda ilk bor 125 ming dollarlik sovrin jamg‘armasiga ega O‘zbekiston prezidenti Kubogi turniri o‘tkazilgan. Dastlabki uchta musobaqa Challenger maqomiga ega bo‘lgan, 1997 yilda esa turnir ATP asosiy turi taqvimiga kiritilgan. Musobaqa 2002 yilga qadar o‘tkazilgan. Uning g‘oliblari qatorida britaniyalik Tim Xenman, germaniyalik Nikolas Kifer, rossiyaliklar Marat Safin va Yevgeniy Kafelnikov bor. Xenman va Safin turnirda ikki martadan g‘olib chiqqan.

1999 yildan boshlab Toshkent WTA taqvimiga kirgan Tashkent Open turniriga mezbonlik qilgan. 2000 yildayoq turnirda O‘zbekiston vakili Iroda To‘laganova g‘olib chiqqan. Musobaqa 2019 yilga qadar har yili o‘tkazib kelingan.

Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Tennis federatsiyasiga MXX rahbari Rustam Inoyatov boshchilik qilgan. 2025 yildan Federatsiya raisi lavozimini «Kapitalbank» asoschisi, «Paxtakor» futbol klubining sobiq prezidenti Botir Rahimov egallab kelmoqda.