Olmaota apellyatsiya sudi Orda.kz nashrining sobiq bosh muharriri Gulnara Bajkenovaga chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Qaror 22 sentyabr kuni qabul qilindi, deb xabar beradi Ulysmedia.kz.
Sud hay’ati Bostandiq tumanining №2 sudi chiqargan qarorni o‘zgartirmadi. Unga ko‘ra, Bajkenova sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilingan, biroq 14 yoshga to‘lmagan farzandi borligi sababli jazoni ijro etish ikki yilga kechiktirilgan.
Shuningdek, jurnalistik, blogerlik va jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, OAV bilan bog‘liq tashkilotlarga rahbarlik qilishga besh yillik taqiq ham o‘z kuchida qoldi.
Bajkenova ishonib topshirilgan mol-mulkni o‘zlashtirish yoki rastrata qilish, noqonuniy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish hamda qasddan yolg‘on axborot tarqatishda aybdor deb topilgan. Sud aniqlashicha, u kompaniya rahbari bo‘lgan holda 2024 yil noyabridan 2025 yil dekabriga qadar hisob raqamlaridan 88,1 million tengedan (190 ming dollar) ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Sud materiallariga ko‘ra, pullar reklama, professional va ilmiy xizmatlar uchun to‘lov sifatida nazorat ostidagi yakka tartibdagi tadbirkorga o‘tkazilgan. Bundan tashqari, kompaniya mablag‘lari hisobidan Bajkenovaning o‘g‘li xususiy xalqaro maktabda o‘qishi uchun haq to‘langan.
Yana bir epizod ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarga taalluqli bo‘lgan. Sud aniqlashicha, Bajkenova yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa-da, Olmaotada kvartiralarni oldi-sotdisidan 121,2 million tenge (262 ming dollar) daromad olgan. Ish materiallarida qayd etilishicha, ushbu daromaddan soliq to‘lanmagan.
Orda.kz nashridagi publikatsiyalar bilan bog‘liq epizodlar bo‘yicha sud Bajkenova 2024–2025 yillarda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali sakkiz marta qasddan yolg‘on axborot tarqatgan, degan xulosaga kelgan.
Sud materiallarida u oldindan til biriktirgan shaxslar guruhi tarkibida harakat qilgani, nashrlar esa fuqarolar, tashkilotlar va davlatga jiddiy zarar yetkazgani aytilgan.
Sud majlislaridan birida Olmaota prokurori o‘rinbosari go‘yoki qo‘lga olingani haqidagi xabar ham ko‘rib chiqilgan. Orda nashri hammuassisi Maksat G‘aniyevning aytishicha, Bosh prokuratura va Antikor bundan avval ushbu ma’lumotni rad etgan, biroq xabar shunga qaramay nashr sayti va YouTube-kanalida paydo bo‘lgan.
Sakkiz yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi va media sohasida ishlashga besh yillik taqiqdan tashqari, sud Bajkenovadan 95,9 million tenge (208 ming dollar) miqdorida moddiy zarar, 2,8 million tenge (6 ming dollar) davlat boji hamda jabrlangan tomonning yuridik yordami va protsessual xarajatlari uchun 6,8 million tenge (14,7 ming dollar) undirish haqida qaror chiqargan.
Bajkenovaning o‘zi esa ayblovlarning birortasini ham tan olmagan. So‘nggi so‘zida u o‘zining aybsizligini bildirib, jinoiy ishni siyosiy deb atagan.
Shu bilan birga, 1 sentyabrdan Orda.kz nashri o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Uning hammuassisi Maksat G‘aniyev nashrning yopilishini moliyaviy muammolar bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha olti yil davomida sarflangan mablag‘larni qoplay olmagan. Sayt bilan birga unga bog‘liq ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar va YouTube-kanal ham o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Tahririyat so‘nggi materiallarini 31 avgust kuni e’lon qilgan.



