Eng dolzarb global xatarlar reytingida keng ko‘lamli urush birinchi o‘rinni egalladi. Uning xavfi dunyoning barcha mintaqalarida sezilmoqda. Bu haqda 1300 nafar siyosatchi, jamoat arbobi, tadbirkor va olim ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asoslangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangilangan hisobotida ma’lum qilindi.
2024 yildagi shu kabi tadqiqot bilan taqqoslaganda, urush yaqin vaqt ichida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar ro‘yxatida birdaniga 16 pog‘ona yuqoriladi. Respondentlarning 36 foizi harbiy harakatlar oqibatlari bir yil ichida insoniyatning katta qismiga ta’sir qilishi mumkin, deb hisoblaydi. 76 foiz esa bu yaqin yetti yil ichida sodir bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, keng ko‘lamli urush xalqaro hamjamiyat eng kam darajada tayyorgarlik ko‘rgan tahdidga aylangan. Tahlilchilarning qo‘shimcha qilishicha, mazkur xavf to‘rt mezon bo‘yicha eng yuqori oltilikka kirgan: ahamiyati, yuzaga kelish ehtimoli bo‘yicha yaqinligi, boshqa xatarlar bilan o‘zaro bog‘liqligi va unga javob berishga tayyorgarlikning yetarli emasligi bilan.
Qayd etilishicha, ikki yil avval tahdidlar reytingida ekologik vaziyatning yomonlashuvi, dezinformatsiya va pandemiyalar yetakchilik qilgan. Hozir esa urushdan tashqari, siyosiy keskinlik va qonun ustuvorligining zaiflashuvi ham eng yuqori o‘rinlarni egallagan.
Shu bilan birga, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika hamda Okeaniyadan so‘rovda ishtirok etganlar ommaviy qirgin qurollaridan foydalanishni asosiy xatarlar qatoriga kiritgan. Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan tadqiqotda qatnashganlar esa ehtimoliy global moliyaviy inqiroz, sun’iy intellekt rivojining salbiy oqibatlari va hokimiyatning texnologik kompaniyalar qo‘lida jamlanishidan jiddiy xavotir bildirgan.
Umuman olganda, BMT hisobotida sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratilgan. Chunki ilg‘or texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq xatarlar endi ikki yil avvalgiga qaraganda ancha jiddiy qabul qilinmoqda. Bundan tashqari, so‘rovda qatnashganlarning aksariyati fikriga ko‘ra, ko‘p tomonlama tizim aynan texnologik xatarlarga qarshi kurashishga eng kam darajada tayyor.
Tadqiqot mualliflari ekologik muammolar va global isish hamon muhim xatarlar bo‘lib qolayotganini ta’kidlamoqda. Ularning reytingdagi o‘rni pasaygani mazkur tahdidlarning jiddiyligi kamayganini anglatmaydi. Biroq, bu masalalarning ahamiyati pasaygani iqlim kun tartibiga yo‘naltiriladigan mablag‘lar qisqarishiga olib kelishi mumkin.
BMT ekspertlari, shuningdek, so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, xatarlarni samarali boshqarishdagi asosiy to‘siqlar mamlakatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish mexanizmlarining zaifligi, siyosiy konsensusning mavjud emasligi, ishonch va hisobdorlikning yetishmasligi ekanini qayd etishadi. Javoblarda ustuvor yo‘nalishlarni noto‘g‘ri belgilash, jamoatchilik, siyosiy kuchlar va biznes tomonidan kuchli qarshilik ko‘rsatilishi, ma’lumotlar va axborot yetishmasligi kabi to‘siqlar ham ko‘p tilga olingan.
Ko‘plab respondentlar xatarlarni yumshatish va kamaytirish choralariga yetarli mablag‘ ajratilmayotganini bildirgan. Bu kelajakda xavfli tabiiy ofatlarga qarshi turish imkoniyatining yo‘qolishi va ko‘p tomonlama institutlarning inqirozga uchrashiga olib kelishi mumkin.
BMT ta’kidlashicha, hisobot xatarlarning idrok etilishiga asoslangan bo‘lib, kelajakni bashorat qilmaydi. Biroq, tahdidlar haqidagi tasavvurlar siyosiy qarorlar qabul qilinishi va resurslarni taqsimlashga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa dunyo qaysi inqirozlarning oldini olishga qodir bo‘lishini belgilab beradi.



