Qozog‘iston internet-jurnalistikasi faxriysi Yuriy Mizinov vafot etdi

Yuriy Mizinov. kaztag.kz sayti fotosurati

77 yoshida Qozog‘iston jurnalistikasi faxriysi — Qozog‘iston faxriy jurnalisti Yuriy Mizinov vafot etdi. Bu haqda Ratel.kz nashri xabar berdi. Mizinovning kasbiy faoliyatining katta qismi «Navigator» internet-gazetasi (u asoschilardan biri bo‘lgan) va uning vorisi — ZonaKZ sayti bilan bog‘liq bo‘lgan. U bu yerda bosh muharrir lavozimida ishlagan.

Yuriy Mizinov 1950 yil 18 yanvarda Uralsk shahrida tug‘ilgan. Qarag‘anda politexnika institutini «muhandis-iqtisodchi» mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Qarag‘anda viloyati statistika boshqarmasi va loyiha tashkilotlarida ishlagan. 1991–1992 yillarda «Sari-Arqa» telekompaniyasiga rahbarlik qilgan.

Keyinchalik Mizinov «Zebra», «Koleso», «Grach» va «451º po Farengeytu» gazetalarida bosh muharrir bo‘lgan.

2000 yil yanvar oyida Janibek Suleyev va Aygul Omarova bilan birgalikda «Navigator» internet-gazetasini ishga tushirgan. Keyinchalik tahririyatga Gimran Yergaliyev ham qo‘shilgan. 2006 yil may oyida nashr ZonaKZ deb nomlangan.

«Navigator», keyinchalik esa ZonaKZ Qozog‘iston internetida ijtimoiy-siyosiy jurnalistika endi shakllanayotgan davrda faoliyat yuritgan. Nashrlar yangiliklar, intervyular, tahliliy materiallar va matbuot sharhlarini e’lon qilgan, siyosat va jamiyat hayotini yoritgan hamda turli qarashlarga ega mualliflar uchun maydon yaratgan.

2020 yilda Yuriy Mizinov fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi xizmatlari va qo‘shgan hissasi uchun Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasining oltin medali bilan taqdirlangan. U, shuningdek, Jurnalistlar uyushmasi mukofoti laureati va «Qozog‘iston faxriy jurnalisti» ko‘krak nishoni sohibi bo‘lgan.

2025 yil 1 fevral kuni ZonaKZ o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

«Farg‘ona» tahririyati Yuriy Mizinovning yaqinlari, qarindoshlari, do‘stlari va hamkasblariga chuqur ta’ziya bildiradi.