O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayrim rahbarlarning faoliyatini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim rahbarlar mahallalarga chiqmasdan, har bir oila va har bir korxonadagi haqiqiy vaziyatni o‘rganmasdan, ishni kabinetlardan turib tashkil etishga urinmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari bunday yondashuv natija bermasligini ta’kidladi. U hokimlardan kambag‘allik masalasiga faqat ijtimoiy reyestr nuqtayi nazaridan qaramaslik zarurligini ta’kidladi.
Prezident ta’kidlashicha, Ijtimoiy reyestr aholini qo‘llab-quvvatlash vositasi hisoblanadi. Kambag‘allikni qisqartirish esa oilalarni barqaror daromad manbai bilan ta’minlash, ish o‘rinlari yaratish, infratuzilma va zarur sharoitlarni shakllantirish bilan bog‘liq.
Yangi tizimga ko‘ra, har bir viloyat va tumanda hokimlar rahbarligida shtablar tashkil etiladi. Ular bandlik organlari va iqtisodiy tuzilmalar bilan birgalikda aholini ish bilan ta’minlash hamda daromadlarini oshirish masalalarini bevosita joylarda hal qilishi kerak. Ularning faoliyatini samarali tashkil etish uchun har bir viloyatga ikkitadan mas’ul rahbar biriktirildi. Jami 28 nafar iqtisodiy kompleks vakili mas’ul etib belgilandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, mahallalar bilan ishlash bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgani ma’lum qilindi. Ushbu lavozimga G‘afurjon Mirzayev tayinlandi. Uning zimmasiga hokimlar, tuman idoralari, «mahalla yettiligi» va banklar faoliyatini yagona tizim asosida muvofiqlashtirish, shuningdek, ular foydalanayotgan elektron platformalarni integratsiya qilish vazifasi yuklatildi. Endi mahallaga oid masalalar bo‘yicha tarqoq yig‘ilishlar o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi — barcha masalalar haftada bir marta Bosh vazir o‘rinbosari raisligida ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil O‘zbekistonda «Mahallalarni rivojlantirish va jamiyat farovonligi yili» deb e’lon qilingan. Hukumat davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimidan tortib iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, sport va ekologiyagacha bo‘lgan barcha sohalarda tub o‘zgarishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Belgilangan vazifalarni bajarish uchun alohida davlat rejasi qabul qilindi. Unga ko‘ra, har bir hududda infratuzilma muammolarini kompleks hal etish va biznes uchun sharoit yaratish maqsadida ikkitadan uchtagacha tuman tanlab olinadi. Bu maqsadlarga barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m ($708,3 mln) mablag‘ yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahri budjetiga qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tushumlarining 5 foizi, boshqa hududlarda esa 20 foizi qoldiriladi. Ushbu mablag‘larning yarmi tuman budjetlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkaziladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishdan tushadigan daromadlar va bozorlar foydasi to‘liq tumanlar ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bu mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun qo‘shimcha 5 trillion so‘m ($416,6 mln) resurs shakllantirish imkonini beradi.



