O‘zbekiston Migratsiya agentligi Janubiy Koreyada E-9 vizasi (nota’limli ishchilar uchun ish vizasi) asosida ishlayotgan fuqarolar uchun uch tomonlama kelishuvlar shartlarini o‘zgartirdi. Endi o‘zbekistonliklar yangi ish joyiga o‘tishda agentlikning Seuldagi vakolatxonasi roziligini olishlari shart emas. Bu haqda 3 sentyabr kuni agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Endilikda fuqarolar ish joyini o‘zgartirish uchun Migratsiya agentligining alohida roziligini olishi shart emas. Ular amaldagi tartiblar va qonunchilik asosida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi va yangi ish beruvchi bilan mehnat munosabatlariga kirishishi mumkin.
Migratsiya agentligi tushuntirishicha, ish joyini almashtirishni kelishish talabi avval o‘zbekistonliklarning Koreyada noqonuniy maqomda qolib ketish holatlarining oldini olish maqsadida joriy etilgan. Shuningdek, ushbu chora migrantlar bilan aloqani saqlab turish hamda ularga huquqiy, ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish imkonini ta’minlashga qaratilgan edi.
Agentlik ta’kidlashicha, kelishuvda Janubiy Koreyada noqonuniy qolib ketish uchun jarima to‘lash haqidagi band saqlanib qolingan. Migrantlar ishdan bo‘shaganidan so‘ng bir oy ichida ish izlovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi, 90 kun ichida esa yangi ish joyini topishi shart. Agar shu muddat ichida xorijliklar yangi mehnat shartnomasini tuzmasa va mamlakatdan chiqib ketmasa, ular noqonuniy migrantlar deb topiladi. Bunday holatda qonunchilikda jarima, deportatsiya va mamlakatga qayta kirishni taqiqlovchi choralar nazarda tutilgan.
Kelishuv shartlari ish beruvchilar va notijorat tashkilotlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida, shuningdek, mehnat migrantlarining o‘z murojaatlari inobatga olingan holda qayta ko‘rib chiqiladi. Asosiy voqea avgust oyi oxirida Ulsan shahrida mahalliy hokimiyat vakillari, huquq himoyachilari hamda Hyundai kompaniyasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv bo‘ldi.
Shartlarni yangilashdan oldin masala atrofida keskin bahslar yuzaga kelgan edi. Avgust oyida odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy organ hisoblangan Janubiy Koreya Gender tengligi va oila vazirligi Koreyaning Mehnat va bandlik vazirligi hamda Adliya vazirligiga o‘zbekistonlik migrantlarni ish bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborgandi. Vazirlik amaldagi tartibda odam savdosining oldini olish to‘g‘risidagi qonun buzilishi alomatlarini ko‘rgan.
Aralashuvga 2025 yildan boshlab o‘zbekistonlik mehnat migrantlari Koreyaga borishda O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan shartnoma imzolay boshlagani haqidagi ma’lumotlar sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, ish beruvchi va agentlik vakolatxonasining yozma roziligisiz ish joyini almashtirganlik uchun oyiga 2000 dollar miqdorida jarima belgilangan. Bunda jarimaning yuqori chegarasi belgilanmagan va u migrant vatanga qaytguniga qadar undirilgan. Huquq himoyachilari ushbu amaliyot ishdan majburan bo‘shash holatlarini, jumladan, shtat qisqartirilishi, ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish yoki salomatligi tufayli ishga chiqa olmaslik kabi vaziyatlarni hisobga olmaganini ta’kidlagan.
Vaziyat 18 iyul kuni Ulsandagi Hyundai Heavy Industries kemasozlik zavodida sodir bo‘lgan fojiali hodisadan so‘ng yanada keskinlashdi. U yerda O‘zbekistondan borgan 26 yoshli ishchi halok bo‘lgan. Marhumning hamkasblari uning bir necha bor jarohat olganini va mehnat sharoitlari xavfli bo‘lgani sababli boshqa korxonaga o‘tishni istaganini, biroq katta miqdordagi jarimani to‘lash tahdidi tufayli buni amalga oshira olmaganini aytishgan.
Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Janubiy Koreyada E-9 vizasi asosida ishga joylashgan o‘zbekistonliklar soni 3080 nafargacha kamaygan. 2023 yilda bu ko‘rsatkich 4878 nafarni tashkil etgan. Kamayish ish joyini uzrli sabablarsiz o‘zboshimchalik bilan tark etish va ish beruvchilarning bankrot bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Biroq, huquq himoyachilari ta’kidlashicha, sabablardan biri migrantlarni vijdonsiz ish beruvchini qonuniy ravishda almashtirish imkoniyatidan amalda mahrum qilayotgan jarimalar tizimi bo‘lgan.



