Taniqli amerikalik alpinist va ekstremal sportchi Mett Douson (Matt Dawson) Tojikistonning eng baland cho‘qqisi — Ismoil Somoni cho‘qqisiga ko‘tarilish chog‘ida halok bo‘ldi. Bu haqda People nashri xabar berdi.
Dousonning oilasi 1 sentyabr kuni Instagramdagi postida u Ismoil Somoni cho‘qqisini zabt etishga urinib, «so‘nggi marta ko‘tarilishni amalga oshirgani», biroq 15 avgust kuni ko‘tarilish vaqtida u bilan «fojiali baxtsiz hodisa» yuz berganini ma’lum qilgan.
Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot kotibi Orif Nozimiyon «Ozodi» radiosiga bergan izohida 47 yoshli alpinist chuqurligi taxminan 70–80 metr bo‘lgan daraga qulab tushganini aniqlik kiritgan. U olgan og‘ir jarohatlar oqibatida voqea joyida vafot etgan. Hodisa tafsilotlari hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Nozimiyonning so‘zlariga ko‘ra, Douson mahalliy «Qullahoi Toҷik» («Tojikiston tog‘lari») kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan 20 nafar sayyohdan iborat guruh tarkibida bo‘lgan. Halok bo‘lgan alpinistning jasadi 17 avgust kuni Dushanbe shahriga olib kelingan. «Ozodi» radiosi sayyohlik kompaniyasi vakillaridan izoh olishga uringan, ammo bu urinishlar samara bermagan.
Mett Douson — sobiq iqtisodchi va investitsiya bankiri bo‘lib, nafaqat alpinist, balki ekstremal sport turlarida bir nechta jahon rekordlarini o‘rnatgan sportchi sifatida ham tanilgan. 2021 yil mayidan 2022 yil mayiga qadar u sakkizta jahon rekordini o‘rnatgan. 2024 yil may oyida Douson to‘qqizinchi jahon rekordini o‘rnatib, Kaliforniyadagi Moxave cho‘lini yolg‘iz va hech qanday yordamsiz piyoda kesib o‘tgan. U 329,5 mil (530,3 km) masofani 7 kun, 8 soat va 45 daqiqada bosib o‘tgan va bu natija uchun Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan.
2018 yilda sportchi Dawson's Peak Foundation xayriya jamg‘armasiga asos solgan bo‘lib, jamg‘arma, xususan, sportchilarni qo‘llab-quvvatlaydi. 2026 yil yozida u ALS Network tashkiloti uchun mablag‘ to‘plash doirasida birdaniga uchta murakkab cho‘qqini — Tojikistondagi Ismoil Somoni va Ozodi cho‘qqilari hamda Himolaydagi Manaslu cho‘qqisini zabt etishni rejalashtirgan edi. Mazkur Amerika notijorat tashkiloti yon amiotrofik sklerozi (BAS / ALS) bilan kasallangan insonlarni qo‘llab-quvvatlash va kasallikni samarali davolash usullarini izlash bilan shug‘ullanadi. Dousonning so‘nggi ekspeditsiyasiga uning 2022 yilda yon amiotrofik skleroz (BAS) tashxisi qo‘yilgan do‘sti, Brodvey aktyori Aaron Lazar ilhom bergan.
Balandligi 7495 metr bo‘lgan Ismoil Somoni cho‘qqisi nafaqat Tojikiston, balki sobiq SSSR hududidagi eng baland nuqta hisoblanadi. Ilgari Kommunizm cho‘qqisi deb atalgan bu tog‘ Pomirdagi Fanlar akademiyasi tizmasida joylashgan. U dunyoning turli burchaklaridan keladigan tajribali alpinistlar orasida eng murakkab va mashhur cho‘qqilardan biri bo‘lib qolmoqda. Cho‘qqiga birinchi marta 1933 yil 3 sentyabr kuni SSSR Fanlar akademiyasining Tojikiston-Pomir ekspeditsiyasi ishtirokchisi, sovet alpinisti Yevgeniy Abalakov ko‘tarilgan.



