O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda yaqin yillarda amalga oshiriladigan yettita milliy dasturni ishga tushirilishini e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident islohotlarning ilk kunlaridanoq «Inson qadri uchun» g‘oyasi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanganini ta’kidladi. U “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi.
Qayd etilishicha, islohotlar natijasida O‘zbekiston «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da 80 pog‘ona yuqorilagan, xorijiy investitsiyalarning yillik oqimi esa 2–3 milliard dollardan 40–50 milliard dollargacha oshgan.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat joriy yilning o‘zida 2030 yilga qadar amalga oshirilishi belgilangan vazifani — YAIM hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsadini bajardi. 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni 300 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
« Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik », — dedi prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi 2017 yildagi 35 foizdan 2026 yilda 4 foizga tushirildi.
«Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy taraqqiyot davri bo‘ladi. Biz bu davrni xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi tufayli o‘zimiz yaratamiz. Shu maqsadda yaqin yillarda mamlakatimizda inson qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan yettita milliy dasturni amalga oshiramiz», — dedi prezident.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi. Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Mamlakatdagi barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan qamrab olinadi, texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlari joriy etiladi, yuqori daromadli kasblarga bir million kishini o‘qitish rejalashtirilmoqda. O‘zbekistonning kamida 10 ta universiteti dunyoning TOP mingtaligiga kiritiladi.
Ikkinchi dastur sog‘liqni saqlash sohasiga bag‘ishlangan. Yaqin besh yil ichida ushbu sohaga davlat xarajatlari YAIMning 5 foiziga yetkaziladi, davlat tibbiy sug‘urtasi esa barcha xonadonlarni qamrab oladi.
Uchinchi dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar modeliga o‘tkazishni nazarda tutadi. Kelgusi o‘n yilda mamlakatga 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish va aholi jon boshiga YAIMni 10 ming dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
To‘rtinchi dastur ekologiyaga qaratilgan. Ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrovni 100 foizga yetkazish, tuman va shahar markazlarining ko‘kalamzorlashtirish darajasini esa 30 foizga chiqarish maqsad qilingan.
Beshinchi dastur sud tizimi va qonun ustuvorligiga bag‘ishlangan bo‘lib, kiberjinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot hamda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini kamsitishga qarshi kurash choralarini kuchaytirishni qamrab oladi. Huquqiy tarbiya maktabdan boshlanadi.
Oltinchi dastur mahallalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan. Tuman budjetlari va infratuzilma loyihalari mahallalarning buyurtmalari asosida shakllantiriladi.
Yettinchi dastur O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik mamlakati sifatidagi xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan. Mamlakatda 130 dan ortiq millat va 16 ta diniy konfessiya vakillari istiqomat qiladi.
Prezident O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini kengaytirgani, MDH davlatlari, Yevropa Ittifoqi, AQSH va arab-musulmon dunyosi mamlakatlari bilan aloqalarini mustahkamlaganini ta’kidladi. Respublika bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi. 2027–2029 yillarda O‘zbekiston 120 dan ortiq davlatni birlashtiruvchi Qo‘shilmaslik harakatiga birinchi marta raislik qiladi.



