O‘zbekiston akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatida ilk bor oltin medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik eshkak eshuvchilar. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi fotosurati

O‘zbekistonlik sportchilar Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaroliyev Amsterdamda bo‘lib o‘tayotgan akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritdi.

Nurmatov va Safaroliyev yengil vaznli juftliklar bahsida g‘olib bo‘lib, finalda 6 daqiqa 21,93 soniya natija qayd etdi. Kumush medalni Germaniya sharafini himoya qilgan Navin Aleksandr Shax va Maksimilian Ryuling (6:23,87), bronza medalni esa amerikalik Jeymi Kopus va Shon Richardson (6:27,45) qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik eshkak eshiuvchilar ikkinchi 500 metrlik masofada sezilarli ustunlikka erishdi va nemis juftligi ortda qolishni qisqartirishga uringaniga qaramay, finishga qadar o‘z ustunligini saqlab qoldi. «Musobaqa yaxshi o‘tdi, ammo og‘ir bo‘ldi. Murabbiyimiz bizga startdan finishgacha tez sur’atda harakat qilishni aytdi», — dedi g‘alabadan so‘ng Nurmatov.

Ularning g‘alabasi O‘zbekiston tarixida ushbu sport turi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan ilk medal bo‘ldi.

Shuni ta’kidlash joiz, Nurmatov va Safaroliyev 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida ham birga ishtirok etib, 15-o‘rinni egallagan. 2026 yil iyun oyida ular xuddi shu yo‘nalishda Plovdivda bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston vakillari eshkak eshishning boshqa turlarida ham jahon chempionatlarida muvaffaqiyatlarga erishgan. Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Anton Ryaxov 2001–2005 yillarda 200 metr masofaga baydarkada yakkalik bahslarida jahon chempionatlarida to‘rt marta sovrindor bo‘lgan. Artur Guliyev 2023 yilda 200 metr masofaga kanoeda yakkalik bahsida jahon chempioni bo‘lgan, 2025 yilda esa ushbu yo‘nalishda yana jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan.

Akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati 24–30 avgust kunlari Amsterdamda bo‘lib o‘tadi. Musobaqada 64 mamlakatdan 830 nafardan ziyod sportchi ishtirok etmoqda.