Arab mamlakatlari OAV vakillari O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini muhokama qiladi

ITSM fotosurati

Arab mamlakatlarining yirik axborot agentliklari, telekanallari va media tuzilmalari vakillari Toshkent va Samarqandda o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumida ishtirok etadi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Ishtirokchilar orasida Yamanning Saba axborot agentligi yangiliklar bo‘yicha bosh direktori Muhammad Fuad Ahmad Yusuf ham bor. U «Meros sadolari: islom sivilizatsiyasi jahon media makonida qanday aks-sado bermoqda?» mavzusidagi xalqaro muhokamada ishtirok etadi.

Misr nomidan ushbu muloqot maydonida Afro-Osiyo media ittifoqi vitse-prezidenti Refaat Abdel Sami qatnashadi. Ishtirokchilar zamonaviy ommaviy axborot vositalari orqali islom sivilizatsiyasining tarixiy, ilmiy va madaniy merosini jahon auditoriyasiga qanday samarali yetkazish mumkinligi xususida fikr almashadi.

Dasturning alohida qismi ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishdagi roliga bag‘ishlanadi. Muhokamada Oman Observer nashri bosh muharriri Al-Shidi Osim bin Salim bin Xamis hamda Iroqning «Al-Iroqiya» davlat axborot telekanali departamenti direktori Diyo Husayn Hoshim ishtirok etadi.

Saudiya Arabistonidan Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Axborot agentliklari ittifoqining protokol va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Saud Abdul-Badiy ishtirok etadi.

Arab OAV vakillari boshqa mintaqalardan kelgan hamkasblari bilan birgalikda madaniy merosni ommalashtirishning yangi formatlari, xalqaro auditoriya bilan ishlash, televideniye, axborot agentliklari va raqamli platformalar imkoniyatlarini muhokama qiladi.

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi 2026 yil 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqandda o‘tkazilmoqda. Forumning markaziy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi.

Unda qariyb 50 ta davlatdan 300 nafarga yaqin media va ekspertlar hamjamiyati vakillari — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.