Tojikiston poytaxti hududini shaharning bosh rejasiga muvofiq kengaytirish maqsadida Dushanbe shahridagi eski qabristonlar buzilmoqda. Bu haqda shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Sharifi matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar beradi «Aziya-Plyus» nashri.
Sharifining so‘zlariga ko‘ra, qabristonlarni buzish to‘g‘risidagi qarorlar poytaxt hududini kengaytirish, yo‘llar va ko‘priklarni zamonaviy talablarga muvofiqlashtirish, shuningdek, ijtimoiy obyektlar qurish zarurati inobatga olingan holda qabul qilinmoqda.
Joriy yilning mart va aprel oylarida ikkita qabriston buzildi. O‘shanda Dushanbe shahar hokimiyati xodimi «Aziya-Plyus»ga telefon orqali bergan intervyusida qabristonlardan biri joylashgan Hayoti Nav ko‘chasida masjid qurilishi, ikkinchisi — Shohmansur tumani Xalqajar mahallasida joylashgan qabriston o‘rnida esa xalqaro aeroportning yangi binosi barpo etilishini aytgan edi.
Sharifi ikki qabriston buzilganini tasdiqlab, kelajakda yana bir nechta qabriston buzilishini ma’lum qildi, ammo aynan qaysilari ekanini aniqlashtirmadi.
«XX asrdan saqlanib qolgan ayrim qabristonlardan endi dafn qilish uchun foydalanilmaydi. Sanitariya-gigiyena talablariga, shu bilan birga, musulmon urf-odatlariga rioya qilishni hisobga olgan holda, qabr egalari bilan kelishganimizdan so‘ng ushbu ishlarni — buzish va ko‘chirishni amalga oshiryapmiz. Ishlarni katta tajribaga ega kompaniya bajarmoqda», — dedi Sharifi.
O‘sha matbuot anjumanida Dushanbe shahar hokimi o‘rinbosari Tolib Rahimzoda ham joriy yilda shahar bosh rejasiga muvofiq ikkita qabriston Sino tumanidagi «Mehrobod» qabristoniga ko‘chirilganini ma’lum qildi. Jumladan, Xalqajar mahallasidagi qabristondan 1345 nafar marhumning jasadi qayta dafn etilgan.
«Keyinchalik shahar hududida 100 yoki 120 yildan beri mavjud bo‘lgan va tashlab qo‘yilgan qabristonlar ham “Mehrobod” qabristoniga ko‘chiriladi», — deya izohladi Rahimzoda.
2017 yilda tasdiqlangan hukumatning «Qabristonlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, yopilgan dafn joylari hududidan ular yopilgan kundan boshlab 40 yil o‘tgach foydalanishga ruxsat beriladi. Biroq Xalqajar mahallasi aholisining so‘zlariga ko‘ra, ularning qabristonida oxirgi dafn atigi bir necha oy avval amalga oshirilgan. Hayoti Nav mahallasidagi qabriston 2006 yilda yopilganiga qaramay, keyingi yillarda u yerga bir necha kishi dafn etilgan.
Bahorda qabristonlarni buzish jarayonida qabrlarni ochish va marhumlarning qoldiqlarini chiqarish ishlarini marhumlarning qarindoshlari Dushanbe shahar hokimiyati Qabristonlar boshqarmasi vakillari ishtirokida amalga oshirgan. Jarayonni kuzatgan «Aziya-Plyus» jurnalistining ta’kidlashicha, odamlar sanitariya talablariga rioya qilmagan — niqobsiz, ayrimlar esa qo‘lqopsiz ishlagan.
Dushanbe shahri Davlat sanitariya-epidemiologik nazorat markazi sanitariya talablariga rioya qilmagan holda jasad qoldiqlarini chiqarish turli kasalliklar, jumladan, sil, vabo, sibir yarasi va boshqa kasalliklarning tarqalishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Qayta dafn qilish ishlarini himoya vositalarisiz bajarayotgan odamlar nafas yo‘llari, teri, og‘iz yoki ifloslangan suv orqali kasallik yuqtirib olishi mumkin. Sanitariya-epidemiologik nazorat markazi jasad qoldiqlarini chiqarishda niqob, bir martalik himoya kiyimi, ikki qavat qo‘lqop, himoya ko‘zoynagi va rezina poyabzaldan foydalanishni, ishlar yakunlanganidan so‘ng esa tuproqni dezinfeksiya qilishni tavsiya etgan.
Qabristonlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston poytaxti hududida 55 ta dafn uchastkasi mavjud bo‘lib, ularning 17 tasida dafn qilish taqiqlangan.



