«Chelsi» qozog‘istonlik futbolchi Satpayevni «Byornli» klubiga ijaraga berdi

Dastan Satpayev. «Byornli» FK fotosurati

Angliyaning «Chelsi» futbol klubi Qozog‘iston terma jamoasining 18 yoshli hujumchisi Dastan Satpayevni «Byornli» klubiga ijaraga berdi. Kelishuv 2026/27 yilgi mavsum oxiriga qadar amal qiladi.

Yangi klubda qozog‘istonlik futbolchi 12-raqamda maydonga tushadi. O‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra Angliya Premer-ligasini tark etgan «Byornli» yuqori divizionga qaytishni maqsad qilgan. Satpayev kelasi mavsumni Chempionshipda o‘tkazadi.

«Bu yerda ekanimdan juda xursandman. Bu faoliyatim uchun ajoyib imkoniyat va o‘z imkoniyatlarimni namoyish etishim, jamoaga u bo‘lishi kerak bo‘lgan joyga qaytishida yordam berishim mumkin bo‘lgan ajoyib klub», — dedi Satpayev transferdan so‘ng.

«Chelsi» va «Qayrat» klublarining Satpayev transferi bo‘yicha kelishuvi haqida 2025 yil fevral oyidayoq ma’lum bo‘lgandi. O‘sha vaqtda futbolchi 16 yoshda edi, shuning uchun u Angliya klubiga faqat voyaga yetganidan so‘ng qo‘shilishi mumkin edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, transferning kafolatlangan summasi 2,4 mln yevroni tashkil etgan va bonuslarni hisobga olganda 4,3 mln yevrogacha oshishi mumkin edi.

Angliyaga ko‘chib o‘tguniga qadar Satpayev «Qayrat» safida to‘p tepishda davom etdi. U Olmaota klubi bilan birga Qozog‘iston chempioni bo‘ldi va Chempionlar ligasining asosiy bosqichida ishtirok etdi. Turnirda hujumchi Madridning «Real»i va «Inter»ga qarshi maydonga tushdi, «Kopengagen»ga qarshi uchrashuvda esa gol urdi.

2026 yil yozida «Chelsi» bosh murabbiyi Xabi Alonso Satpayevni asosiy jamoa mashg‘ulotlariga jalb qildi va uni Avstraliya hamda Osiyodagi mavsumoldi safarlariga olib ketdi. Qozog‘istonlik futbolchi to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. «Uestern Sidney Uonderers»ga qarshi o‘yinda u asosiy tarkibda maydonga chiqib, londonliklar safidagi birinchi golini urdi.

12 avgust kuni Satpayev 18 yoshga to‘lganidan so‘ng uning «Chelsi»ga transferi rasman yakunlandi. Qozog‘istonlik futbolchi London klubi bilan 2033 yilgacha shartnoma imzoladi.

Satpayev Qozog‘iston milliy terma jamoasidagi debyutini 2025 yil mart oyida, 16 yoshida o‘tkazdi va milliy jamoa tarixidagi eng yosh futbolchiga aylandi.