O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 2026 yilning birinchi yarmida mamlakatdan 29 trln so‘m (2,4 mlrd dollar) mablag‘ning noqonuniy chetga chiqib ketishining oldini oldi, shuningdek, 18,8 mingdan ortiq shubhali bank kartasini blokladi. Vazirlik matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, bunga respublika Markaziy banki bilan hamkorlikda yaratilgan maxsus tizimni joriy etish orqali erishilgan.
Joriy yilning dastlabki ikki choragida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobot IIV hay’atining Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishida taqdim etildi.
Vazirlik tizimida 2026 yil «Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash yili» deb e’lon qilingani sababli, asosiy e’tibor aynan shu yo‘nalishga qaratilgan. Hisobot davrida jami 9 282 ta kiberjinoyat fosh etilgan, 4 011 ta jinoyat tashabbus asosida aniqlangan va 13 mingdan ortiq fuqarolarga yetkazilgan qariyb 120,5 mlrd so‘mdan (10,1 mln dollar) so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarilgan.
Shuningdek, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari ham olib borilgan, biroq vazirlik rahbariyati xodimlarni bu jarayonga yetarlicha e’tibor qaratmayotgani uchun tanqid qildi. Aholining murojaatlarini yanada puxta o‘rganish, kiberjinoyatchilik sabablari va uning sodir etilishiga zamin yaratayotgan omillarni tahlil qilish muhimligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlarining mazkur sohadagi ko‘nikmalarini oshirish zarurati muhokama qilindi.
IIV faoliyatining boshqa jihatlari ham ko‘rib chiqildi. Yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 125 mingdan ortiq ommaviy tadbir o‘tkazilib, ular davomida ichki ishlar organlari xodimlari 70 mln nafar fuqaroning xavfsizligini ta’minlagan. Shuningdek, hisobot davrida jinoyatlarning 87 foizi oldindan bartaraf etilgan. Vazirlik matbuot xizmatining ta’kidlashicha, bu jinoyatlarni prognoz qilishning samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi. Qidiruvda bo‘lgan 5 mingdan ortiq shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan qariyb 2,6 ming fuqaro topilib, oilalariga qaytarilgan.
Kamchiliklar ham muhokama qilindi. Masalan, vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hududlardagi kriminogen vaziyatni baholash bo‘yicha 476 ta mahalla hamon «qizil» toifada qolmoqda. Aholi tomonidan ichki ishlar organlariga kelib tushgan 205 mingdan ortiq murojaatning qariyb 88 foizi qanoatlantirilgan. Shu bilan birga, murojaatlarning atigi 0,9 foizi qonunchilikda belgilangan asoslarga ko‘ra ko‘rib chiqilmagan.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, IIV hay’ati respublikada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishdagi «jiddiy kamchiliklar uchun» shahar va tuman ichki ishlar organlarining olti nafar rahbarini, shuningdek, yana bir qator xodimlarni lavozimidan ozod qildi. Yana bir guruh ofitserlarga intizomiy jazo choralari qo‘llandi.
Shu bilan birga, jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan hududiy boshqarmalar rahbarlari rag‘batlantirildi.



