Rossiya va Qirg‘iziston yagona mobil aloqa operatorini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi

RQTJ boshqaruvi raisi Artyom Novikov (o‘ngda). economist.kg sayti fotosurati

Rossiya va Qirg‘iziston virtual mobil aloqa operatorini tashkil etadi. Tegishli kelishuv 6 avgust kuni VIII Qirg‘iziston–Rossiya iqtisodiy forumi doirasida imzolandi, deb xabar berdi Economist.kg.

Rossiya–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi (RQTJ) boshqaruvi raisi Artyom Novikovning aytishicha, abonentlar ikki mamlakat hududida SIM-kartani almashtirmasdan va rouming uchun haq to‘lamasdan mobil aloqa hamda internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«Bu davlatlararo raqamli kun tartibi doirasidagi muhim tashabbuslardan biridir», — deya Novikovning so‘zlarini keltiradi 24.kg nashri.

Forum yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 800 million dollarga yaqin bo‘lgan o‘nga yaqin kelishuv imzolandi. Jumladan:

▶️ Norin viloyatida qiymati 250 million dollar bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha kelishuv;

▶️ Issiqko‘l viloyatida quvvati 100 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini 126 million dollar miqdorida moliyalashtirish to‘g‘risidagi kelishuv;

▶️ 20 million dollarlik logistika majmuasini qurish investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv va boshqa hujjatlar.

Kelishuvlarning deyarli barchasi RQTJ ishtirokida amalga oshiriladi. Artyom Novikovning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma o‘n yillik faoliyati davomida umumiy qiymati 1,2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 3,7 mingdan ziyod loyihani moliyalashtirgan. 2030 yilga qadar RQTJ kapitali ikki barobarga oshirilib, 1 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, jamg‘arma qo‘shimcha 1 milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirishni maqsad qilgan.

RQTJ rahbari, shuningdek, «2030 yilgacha 100 ta Qirg‘iziston–Rossiya qo‘shma ishlab chiqarish korxonasi» dasturini ishga tushirishni taklif qildi. Dastur sanoat, energetika, agrosanoat mahsulotlarini qayta ishlash, mashinasozlik, logistika, farmatsevtika hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarini qamrab oladi. Dastur ishtirokchilari uchun investitsiya loyihalarini tezkor qo‘llab-quvvatlash va imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.