O‘zbekiston va MDHning yana beshta davlati terroristlar va ekstremistlar haqida ma’lumot almashishga kelishib oldi

MDH davlatlari bosh prokurorlari muvofiqlashtiruv kengashining 36-yig‘ilishi ishtirokchilari. Rossiya Bosh prokuraturasi matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bosh prokurorlari terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat MDH davlatlari bosh prokurorlari muvofiqlashtiruv kengashining 36-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Qozon shahrida imzolandi. Kelishuvga O‘zbekistondan Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Rossiyadan Aleksandr Gutsan, Belarusdan Dmitriy Gora, Qozog‘istondan Berik Asilov, Qirg‘izistondan Malik Bekturganov va Tojikistondan Habibullo Vohidzoda imzo qo‘ydi.

RBK ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuvda «tomonlarning» terrorizm va ekstremizm holatlarining, jumladan, natsizmni reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq holatlarning tarqalayotganidan «tashvishi» qayd etilgan. Ushbu holatlar «davlatlar xavfsizligi, shuningdek, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligiga jiddiy tahdid» sifatida baholangan.

Hujjat davlatlar xavfsizligiga tahdid soluvchi terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar, guruhlar hamda alohida shaxslar haqida tezkor ma’lumot almashishni nazarda tutadi. Tomonlar, shuningdek, terrorchilik va ekstremistik guruhlar o‘rtasida xalqaro aloqalar o‘rnatilgani haqidagi ma’lumotlarni ham taqdim etadi. Bundan tashqari, davlatlar davlatlar suverenitetiga tajovuzlar yoki ehtimoliy terrorchilik hujumlari haqida ma’lumot almashishni rejalashtirmoqda.

Tomonlarga ma’lumot uzatish uchun terrorchilik, diversiya va ekstremistik usullardan foydalanadigan noqonuniy qurolli tuzilmalar haqidagi ma’lumotlar ham asos bo‘ladi.

Tomonlar odam savdosi, qurol-yarog‘ va giyohvand moddalar bilan shug‘ullanuvchilar, shuningdek, noqonuniy migratsiyani tashkil etuvchilar haqida bir-birini xabardor qilib boradi.

Shuningdek, xorijlik yoki «kelib chiqish davlatlariga qaytayotgan» terrorchi-jangarilar va ularning oila a’zolari haqida alohida ma’lumot almashiladi. Bunda shaxsni tasdiqlovchi soxta hujjatlar va safar hujjatlarini aniqlash tartib-taomillaridan ham foydalaniladi.

«Tomonlar ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha hamkorlikning aniq mexanizmlarini belgilab oldi, belgilangan tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar yuzasidan kelishib oldi», — deyiladi Rossiya Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabarida.

  • Qirg‘izistonning «parda ortidagi rahbari» nima uchun ishdan bo‘shatilgani va bundan so‘ng nimalar sodir bo‘lishi mumkinligi haqida

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor