Qirg‘izistonning birinchi sun’iy yo‘ldoshini Ilon Mask kompaniyasining raketasi orbitaga olib chiqdi

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatining fotosurati

Taniqli tadbirkor Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasining Falcon 9 tashuvchi raketasi Qirg‘izistonning birinchi milliy sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi. AQSHda bo‘lib o‘tgan parvozda Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti Sadir Japarov ham ishtirok etdi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Uchirish 1 oktyabr kuni Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy-havo bazasi hududidan amalga oshirildi. Qirg‘iziston sun’iy yo‘ldoshi Falcon 9 orbitaga olib chiqqan kosmik apparatlar guruhi tarkibida bo‘lgan.

Matbuot xizmati ma’lum qilishicha, bu Qirg‘iziston va Birlashgan Arab Amirliklarining qo‘shma loyihasidir. Apparat ishini muvofiqlashtirish uchun Bishkek shahrida Boshqaruv markazi tashkil etilgan.

O‘z sun’iy yo‘ldoshiga ega bo‘lish Qirg‘iziston uchun kosmik ma’lumotlardan foydalanishda yangi imkoniyatlar ochadi. Jumladan, uning yordamida olinadigan ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi yerlari, muzliklar, suv obyektlari, o‘rmonlar va yaylovlar monitoringini yaxshilash, shuningdek, tabiiy ekotizimlardagi o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beradi.

Bundan tashqari, kosmosdan olinadigan ma’lumotlar yer osti boyliklaridan noqonuniy foydalanish, ruxsatsiz chiqindi tashlash joylarini aniqlash hamda logistika yo‘nalishlarini optimallashtirish uchun qo‘llaniladi.

Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari tabiiy xavflarni erta aniqlash jarayonida yordam berishi ta’kidlanmoqda. Gap qurg‘oqchilik, toshqinlar, ko‘chkilar, sellar va o‘rmon yong‘inlari haqida bormoqda. Hokimiyat organlarida vaziyatga tezkor munosabat bildirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘ladi, bu esa ofatlardan keladigan zararni kamaytirishga xizmat qiladi.

Kelgusida kosmosdan olinadigan ma’lumotlarni davlatning raqamli tizimlari bilan integratsiya qilish, fazoviy xaritalar va tahliliy modellar yaratishda ulardan foydalanish rejalashtirilmoqda. Ma’lumotlar investitsiyalarni rejalashtirish va davlat dasturlarining amalga oshirilishini nazorat qilishda ham qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.

«Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan superkompyuter texnologiyalarining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashgan holda foydalanish Qirg‘izistonning iqtisodiy va tabiiy resurslarini yanada aniq va samarali boshqarish uchun asos yaratadi», — deya qo‘shimcha qiladi matbuot xizmati.

Japarov AQSHga tashrifi davomida SpaceX kompaniyasining Kaliforniya shtatidagi Xotorn shahrida joylashgan ishlab chiqarish majmuasiga ham tashrif buyurdi. Respublika rahbari kosmik texnika yig‘iladigan sex va parvozlarni boshqarish markazi faoliyati bilan tanishdi. Mehmon uchun Starlink tizimi bo‘yicha alohida taqdimot ham o‘tkazilgan. Unga sun’iy yo‘ldoshlarning uch avlodi, ularning konstruksiyasidagi o‘zgarishlar va ma’lumot uzatish imkoniyatlari haqida ma’lumot berilgan. Aytgancha, bugungi kunda Ilon Mask korporatsiyasining orbitada 10 mingdan ortiq apparati mavjud.

Joriy yilning may oyida Qirg‘izistonda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti xizmatlarini taqdim etish loyihasi boshlangan edi. Ta’kidlanishicha, ushbu texnologiya olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet, ta’lim resurslari va davlatning raqamli xizmatlariga ulash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

ℹ️ Bishkekdagi «Qirg‘iz elektronika» korxonasi tomonidan yaratilgan sun’iy yo‘ldosh 24 sentyabr kuni keng jamoatchilikka taqdim etilgandi. Biroq, kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ishlanmani mutlaqo qirg‘izistonlik mahsulot deb bo‘lmaydi, chunki unda qo‘llanilgan texnologiyalarning katta qismi Rossiyaga tegishli. O‘shanda apparatning qiymati 10–12 million som (taxminan 130 ming dollar) ekani ham ma’lum qilingandi.

  • Qirg‘izistonning «parda ortidagi rahbari» nima uchun ishdan bo‘shatilgani va bundan so‘ng nimalar sodir bo‘lishi mumkinligi haqida

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor