Qirg‘izistonda diniy mavzularni yorituvchi blogerlar va boshqa ommaviy kontent mualliflari maxsus guvohnoma olishlari shart. Bu haqda Din ishlari va millatlararo munosabatlar bo‘yicha milliy agentlik bosh mutaxassisi Nurg‘ozi Qirg‘izboyev ma’lum qildi. Bu haqda 24.kg nashri «Birinchi radio»ga tayanib xabar berdi.
Agentlik vakili tushuntirishicha, majburiy ruxsatnoma joriy etilishiga tegishli qonunga yangi — «diniy voiz» atamasining kiritilishi sabab bo‘lgan. Shu munosabat bilan blogerlar yoki diniy mavzudagi podkastlar olib boruvchilar avval Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasiga murojaat qilib, o‘zlarining diniy ta’limga ega ekanini tasdiqlashlari lozim. Shuningdek, ariza beruvchi qaysi yo‘nalishlarni yoritishni rejalashtirayotganini mulozimdorlarga oldindan ma’lum qilishi kerak. Yangi talablar faqat islom mavzusida fikr bildiruvchilarga taalluqlimi yoki boshqa dinlarga ham tatbiq etiladimi, hozircha aniq emas.
Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasida tekshiruvdan o‘tgandan so‘ng, bloger Din ishlari bo‘yicha milliy agentlikka murojaat qilishi kerak. Agentlik bir yil muddatga amal qiladigan guvohnoma rasmiylashtiradi. Keyinchalik uni uzaytirish mumkin.
Qirg‘izboyev qoidalarni buzganlik uchun nazarda tutilgan choralar haqida ham gapirgan. Masalan, agar bloger bir yil davomida «noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish yoki qandaydir qonunga xilof faoliyat» bilan shug‘ullangani aniqlansa, uning ruxsatnomasi bekor qilinadi va qoidabuzar yangi guvohnoma olishga umid qila olmaydi.
«Bu haqda podkastlar olib borish, postlar va sharhlar yozish, diniy sohadagi faoliyati haqida so‘zlash yoki va’zlar bilan chiqish niyatida bo‘lgan barcha blogerlar va diniy arboblar bilishi kerak», — deya xulosa qildi mulozim.



