Aholini go‘sht bilan ta’minlash masalasini hal etish uchun O‘zbekiston hukumati 895 million AQSH dollari ajratadi. Ushbu mablag‘ning 463 million dollari chorvachilikni, yana 432 million dollari esa parrandachilikni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan taqdimotda ta’kidlanishicha, mamlakatning go‘shtga bo‘lgan yillik ehtiyoji 2,15 million tonnani tashkil etadi. Biroq, ichki ishlab chiqarish hajmi atigi 1,6 million tonnaga yetadi. Shu tariqa, iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi tafovut yiliga 550 ming tonnani tashkil qilmoqda. Hukumat ushbu kamomadni 2028 yilgacha mo‘ljallangan keng ko‘lamli dastur orqali qoplashni rejalashtirgan.
Shuningdek, aholi xonadonlarida 20 sotix maydonda yengil konstruksiyali 11 mingta molxona qurish va ularda 421 ming bosh qoramol parvarishlash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 3 trillion so‘m (250 million AQSH dollari) miqdoridagi 802 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlanadi. Ushbu loyihalar natijasida har yili qo‘shimcha ravishda 20 ming tonna go‘sht va 120 ming tonna sut ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Jumladan, faoliyati to‘xtab qolgan 103 ta chorvachilik korxonasini sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Ularning qarzlarini restrukturizatsiya qilish yoki o‘n yilga bo‘lib to‘lash, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlari ajratish va naslli mollar bilan ta’minlash taklif etildi. Natijada 33 ming bosh qoramol parvarishlanib, yiliga 12 ming tonna go‘sht va 40 ming tonna sut ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Alohida chora-tadbirlar chorvachilikka ixtisoslashgan 13 ta tumanga qaratilgan. U yerlarda 75 ming gektar yem-xashak yerlaridan samaraliroq foydalanish, sut qabul qilish punktlari va yem sotish shoxobchalarini tashkil etish, shuningdek, kichik fermerlik loyihalarini moliyalashtirish rejalashtirilgan.
Mo‘g‘ulistondan 150 ming bosh qo‘y, Xitoy va Yevropa davlatlaridan 100 ming bosh naslli qoramol, Belarus Respublikasidan 2 ming bosh mol olib kelish rejalashtirilmoqda. Bu orqali yiliga qo‘shimcha 44 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Taqdimot davomida prezidentga Qoraqalpog‘istondagi 20 ta chorvachilik majmuasi misolida sun’iy intellekt yordamida o‘tkazilgan tahlil natijalari ham taqdim etildi. Ularning umumiy qarzdorligi 109,6 milliard so‘mni (9 million dollardan ortiq) tashkil etgan, obyektlarning yarmi yuqori xavf toifasiga kiritilgan. Asosiy muammolar — yem-xashak yerlari va infratuzilma yetishmasligi. Bunga javoban qarz yukini kamaytirish, ozuqa bazasini shakllantirish va majmualar faoliyatini dastlab pilot tartibda, keyinchalik bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Dasturda mahallalarga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda 2407 ta mahalla chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, ularda 3,9 million kishi istiqomat qiladi. Ular uchun naslli chorva mollaridan foydalanish imkoniyati, sigirlarni sun’iy urug‘lantirish, subsidiyalar va yaxshilangan zooveterinariya xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi va’da qilinmoqda.
Naslchilik sohasida 13 ta tumanda har biri 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan xo‘jaliklar tashkil etish, yiliga 500 ming bosh sigirni saralangan urug‘ bilan sun’iy urug‘lantirish va embrion transplantatsiyasi texnologiyalarini keng joriy qilish rejalashtirilgan.
Sohada tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston chorvadorlari assotsiatsiyasini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu tashkilot fermerlar huquqlarini himoya qilish, kooperatsiyani rivojlantirish, naslchilik ishlarini yo‘lga qo‘yish va tashqi bozorlarga chiqish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, Smart Fermer raqamli platformasi ishga tushirilishi ma’lum qilindi. Bu chorva mollarini identifikatsiya qilish, veterinar chaqirish, subsidiyalar olish va sun’iy intellekt asosida maslahatlardan foydalanish imkonini beruvchi mobil ilova bo‘ladi.
Parrandachilik sohasida ham loyihalar amalga oshiriladi. Mazkur loyihalar hisobiga 2028 yilgacha qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish, ozuqa-yem quvvatini 3,3 million tonnaga yetkazish va zamonaviy so‘yish tizimi qamrovini 20 foizdan 50 foizga oshirish maqsad rejalashtirilgan.



