O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) 2027–2030 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan, umumiy qiymati qariyb 1,125 milliard yevro bo‘lgan 11 ta loyihadan iborat indikativ portfelni shakllantirdi. Bu haqda 25 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan yettinchi yillik maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) matbuot xizmati xabar berdi.
Indikativ portfel — umumiy taxminiy qiymati ko‘rsatilgan, rejalashtirilayotgan loyihalarning dastlabki ro‘yxati. U yuridik jihatdan majburiy hujjat hisoblanmaydi, shuningdek, ko‘rsatilgan to‘liq summa bo‘yicha kredit bitimlari hozircha imzolanmagan.
Maslahatlashuvlarda O‘zbekiston delegatsiyasiga Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohruh G‘ulomov rahbarlik qildi. Fransiya tomonidan esa AFDning Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo departamenti direktori o‘rinbosari Virjini Bleytrax ishtirok etdi.
Yangi portfel bir nechta yo‘nalishni qamrab oladi. Ular orasida energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharlarni rivojlantirish, irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi, «yashil» iqtisodiyot, shuningdek, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bor.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi alohida ravishda ikkita yirik loyihani ta’kidladi: Toshkent — Samarqand temiryo‘l liniyasini rekonstruksiya qilish va poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish. Ushbu ikki loyihaning qiymati, ishlarining aniq parametrlari va amalga oshirish muddatlari hozircha oshkor etilmagan.
2027–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida energetika transformatsiyasi va dekarbonizatsiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, shaharlarni barqaror rivojlantirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va davlat moliyasini boshqarish belgilandi.
Maslahatlashuvlar davomida tomonlar amaldagi portfelni amalga oshirish hamda yangi tashabbuslarni tayyorlash masalalarini ham ko‘rib chiqdi. Hamkorlikning amaldagi portfeli umumiy qiymati 1,29 milliard yevro bo‘lgan 13 ta loyihani o‘z ichiga oladi. U energetika, suv ta’minoti va sanitariya, chorvachilik, raqamlashtirish, moliya sektori va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, imzolangan kelishuvlar bo‘yicha amaldagi to‘lovlar taxminan 1 milliard yevroga, ya’ni umumiy qiymatning 78 foiziga yetgan.
Yana 604,2 million yevro umumiy qiymatga ega to‘qqizta loyiha hozir tayyorgarlik bosqichida. Ular qatorida AFD dasturi doirasida Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish loyihasi ham bor. Dastur Toshkent va Farg‘ona viloyatlarini ham qamrab oladi. Loyihaning umumiy budjeti 257,9 million yevroni tashkil etadi, shundan 97 million yevro Qashqadaryo uchun ajratilgan.
Qoraqalpog‘istondagi Suyenli kanalini rekonstruksiya qilish loyihasi 150 million dollarga baholangan. Moliyalashtirishni AFD va Yevropa investitsiya banki ta’minlaydi.
Orolbo‘yi hududida AFD va Yevropa investitsiya banki Yevropa Ittifoqi hamda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ko‘magida 24 ming gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashga yordam bermoqda. Texnik-iqtisodiy asoslash ishlari uchun 500 ming yevro mablag‘ ajratilgan.
Tomonlar ushbu dasturlar bo‘yicha ishlarni jadallashtirish va energetika hamda kommunal infratuzilma loyihalarini tayyorlashni davom ettirishga kelishib oldi. Kelishuvlar bayonnomada mustahkamlanib, birgalikda monitoring qilish uchun nazoratga olindi. O‘zbekiston va AFDning navbatdagi, sakkizinchi yillik maslahatlashuvlarini Fransiyada o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Fransiya taraqqiyot agentligi O‘zbekistonda 2015 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Shu vaqt ichida agentlik umumiy qiymati taxminan 1,6 milliard yevro bo‘lgan 17 ta loyihani ma’qullagan. AFD Chorvoq to‘g‘onini modernizatsiya qilish va Andijon viloyatida gidroenergetikani rivojlantirish, suv ta’minoti va sanitariya loyihalari, shuningdek, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish dasturlarida ishtirok etmoqda. Avvalroq agentlik O‘zbekistonning taqsimlovchi elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha tayyorlanayotganini ma’lum qilgan edi. Loyihadan qishki va yozgi yuqori talab davrida tarmoqlar barqarorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Uni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.



