Sberbankning sobiq boshqaruv raisi o‘rinbosari va Solfy Rus kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi 100 mln dollardan ortiq summada da’vo arizasini berdi

Maksim Poletayev. kommersant.ru sayti fotosurati

Sberbank boshqaruvi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Maksim Poletayev va u asos solgan Solfy RUS LLC kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi Investitsiyaviy nizolarni hal qilish xalqaro markazida (INHXM) arbitraj ishini boshladi. Bu haqda Spot.uz nashri xabar beradi.

Arbitraj ishini boshlash to‘g‘risidagi so‘rov 2026 yil 23 sentyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Da’vogarlar 100 million dollardan ortiq miqdorda kompensatsiya talab qilmoqda.

INHXM ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, nizoning predmeti «iste’molchilarni moliyalashtirish platformasi», iqtisodiy sektori esa «moliyaviy» deb ko‘rsatilgan. Javobgar sifatida O‘zbekiston ko‘rsatilgan. Ish yuritishga O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim asos bo‘lgan. Ushbu bitim 2013 yil 17 iyunda kuchga kirgan. Hujjat investorlarni ekspropriatsiyadan himoya qiladi va nizolarni xalqaro arbitrajga olib chiqish imkonini beradi.

Maksim Poletayev va Solfy RUS LLC manfaatlarini Amsterdam & Partners LLP va ELWI yuridik firmalari himoya qilmoqda. O‘zbekiston manfaatlarini Adliya vazirligi himoya qilmoqda.

Solfy 2020 yili O‘zbekiston bozoriga O‘zbekiston Milliy banki (Milliy bank) bilan hamkorlikda kirib kelgan. Tomonlar foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash kartalarini chiqarish loyihasini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ular orqali tovarlarni 12 oygacha bo‘lgan muddatda foizsiz xarid qilish mumkin bo‘lgan. Solfy texnologik hamkor sifatida operatsion faoliyat, marketing va savdo hamkorlari tarmog‘ini rivojlantirishni ta’minlagan, Milliy bank esa moliyalashtirish uchun mas’ul bo‘lgan. Kartalarni chiqarish 2022 yilda boshlangan. Hamkorlar 1 milliondan ortiq karta chiqarish va mamlakatdagi eng yirik chakana savdo tarmoqlarini tizimga ulashni rejalashtirgan.

Biroq, keyinchalik hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgan. Pravo.ru yozishicha, Amsterdam & Partners asoschisi Robert Amsterdam «davlat bilan bog‘liq shaxslar biznesning 70 foizini kompensatsiyasiz ularga berishni talab qilganini, rad javobini olganlaridan so‘ng esa kompaniyaga qarshi sud, soliq va huquqni muhofaza qiluvchi mexanizmlar ishga solinganini» aytgan.

2024 yil dekabr oyida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Milliy bank manfaatlarini ko‘zlab Savdo-sanoat palatasi (SSP) tomonidan Solfy SA (kompaniyaning O‘zbekistondagi bo‘linmasi)ga qarshi berilgan shartnomani bekor qilish va qarzdorlikni undirish haqidagi da’voni qanoatlantirgan. Kompaniyadan 17,33 milliard so‘m ($1,5 million) undirish belgilangan. 2025 yil fevral oyida apellyatsiya instansiyasi ushbu qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan.

2025 yil may oyida SSP Milliy bank manfaatlarini ko‘zlab yana bir da’vo arizasi bergan. Sud talablarni qisman qanoatlantirgan. E’lon qilingan sud qarorlariga ko‘ra, Solfydan Milliy bank foydasiga undirilgan mablag‘larning umumiy miqdori 21,32 milliard so‘mni (taxminan $1,8 million) tashkil etgan.

Shu bilan birga, Solfy SA bosh direktori O‘ktam Xasanovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 2026 yil 27 martda u hibsga olingan. Unga Milliy bank mablag‘larining qariyb 17 milliard so‘mini (qariyb $1,5 million) o‘zlashtirish hamda shartnomada belgilangan qariyb 15 milliard so‘mlik ($1,2 million) haqni to‘lamaganlik ayblovlari qo‘yilgan.

Poletayev va Solfy vakillari bayonot berib, O‘zbekistonni «tijorat garovlarini olishni to‘xtatish va xalqaro huquqiy standartlarga rioya qilishga» chaqirganlar. Bayonotda Xasanovning hibsga olinishi tun yarmida, «ko‘rinishidan, Solfydan maksimal darajada manfaat olish maqsadida tashkil etilgan» sharoitlarda amalga oshirilgani ta’kidlangan. Robert Amsterdam buni O‘zbekiston prezidenti e’lon qilayotgan va himoya qilayotgan investorlarni himoya qilish tamoyillaridan keskin chekinish, shuningdek, davlat vakolatlaridan suiiste’mol qilish deb atagan. Uning fikricha, bu O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar yo‘nalishi sifatida bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi.

Milliy bank matbuot xizmati muzokaralar va ular bilan bog‘liq huquqiy jarayonlar yakunlanmaguncha ayblovlarga izoh berishni nomunosib deb hisoblashini bildirgan.

« O‘zbekiston Milliy banki barcha tijorat munosabatlarida eng avval qonuniylik va yuqori halollik standartlariga amal qiladi. Bankning ustuvor vazifasi mijozlarining manfaatlarini himoya qilishdir. Solfy bilan muzokaralar va unga bog‘liq sud jarayonlari davom etayotganligi sababli, Bank ushbu jarayonlar tugagunga qadar asossiz da’volar bo‘yicha izoh berishni noo‘rin deb hisoblaydi. Bank mijozlarga xizmat ko‘rsatishni va barcha amaldagi qonunlar va qoidalarga rioya qilinishini ta’minlashga e’tibor qaratadi», — deyiladi Milliy bank bayonotida.

Bunga javoban Solfy vakillari bank bayonotini dezinformatsiya deb ataganlar va Xasanovni zudlik bilan ozod qilish hamda adolatli kelishuvga erishishga qaratilgan halol muzokaralarni qayta boshlashga chaqirib, O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilganliklarini ma’lum qiladilar.

2026 yil sentyabr oyi boshida Amsterdam & Partners arbitraj sudiga da’vo berilganini ommaviy ravishda e’lon qildi va talab qilinayotgan kompensatsiya miqdori 100 million dollardan ortiq ekanini ta’kidladi. So‘rovda, shuningdek, O‘ktam Xasanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish va uning hibsda saqlanishi bo‘yicha zudlik bilan ta’minlov choralarini ko‘rish talabi ham mavjud.