O‘zbekiston hukumati Qirg‘izistonga oyiga 20 ming tonnagacha yoqilg‘i yetkazib berishga tayyor. Qo‘shni mamlakatdan yoqilg‘i import qilish imkoniyatlari Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev va uning o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulla Aripov o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilindi. Bu haqda «Kabar» axborot agentligi xabar berdi.
Qosimaliyevning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston benzin va boshqa turdagi yonilg‘ining 90 foizdan ortig‘ini xorijdan import qiladi. Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi hamda respublikaga neft mahsulotlarining asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Rossiya tomonidan joriy etilgan embargo tufayli mamlakat muqobil ta’minot manbalarini izlashga majbur bo‘lmoqda.
Bosh vazirning aniqlik kiritishicha, O‘zbekiston Bishkek yoqilg‘i xaridi bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan yagona davlat emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya, Belarus, Xitoy va Ozarbayjon bilan ham tegishli muzokaralar davom etmoqda.
Bundan tashqari, ayrim kelishuvlar allaqachon amalga oshirilmoqda. Xususan, hukumat rahbarining ta’kidlashicha, Belarus bu borada katta yordam ko‘rsatmoqda va Qirg‘iziston ushbu mamlakatdan yonilg‘i-moylash materiallarini qabul qilib olmoqda.
Shuningdek, Xitoydan yoqilg‘i ortilgan dastlabki beshta yuk avtomashinasi yetib kelgan. Biroq, Qosimaliyevning qayd etishicha, bunday mahsulotlarni avtomobil transportida emas, balki temir yo‘l orqali yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish zarur. Hozirda mazkur logistika sxemasini o‘zgartirish masalasi yuzasidan Xitoy hukumati bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Bosh vazir Yevropa va Turkiyadan yoqilg‘i import qilish imkoniyatlari haqida ham to‘xtaldi. Biroq, uning aytishicha, bu yo‘nalishlarda tranzit bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lib, bu tovarlar narxining oshishiga olib kelmoqda. Chunki nafaqat yoqilg‘i, balki uni bir joydan ikkinchi joyga yetkazib berish xarajatlari ham qimmatlashmoqda.
Qosimaliyevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston hukumati dizel yoqilg‘isi, avtomobil gazi va AI-95 markali benzinni subsidiyalash tartibini ishlab chiqqan. Aynan shu yondashuv narxlarni muayyan darajada ushlab turish va ularning keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
«Ammo narxlar baribir oshib boradi. Agar taqqoslaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston va Tojikistonga nisbatan bizda dizel yoqilg‘isi hamda AI-92 markali benzin 20–25 somga arzon. Mana shu farqni biz respublika budjeti hisobidan subsidiya qilamiz», — dedi Qosimaliyev.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi raisi agar yoqilg‘i tannarxida sotilsa, dizel yoqilg‘isining bir litri 130–140 som (1,54 AQSH dollari), benzinning esa 110–120 som (1,32 AQSH dollari) bo‘lishini ta’kidladi. Bundan tashqari, transport xarajatlariga bog‘liq tovarlar va xizmatlar narxi ham oshishi mumkinligini qayd etdi.
Avvalroq, 31 iyul kuni Qirg‘iziston Rossiya bilan har oyda 100 ming tonna yonilg‘i-moylash materiallarini import qilish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar berilgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda sutkasiga taxminan 3,3 ming tonna benzin va dizel yoqilg‘isi iste’mol qilinadi (oyiga qariyb 100 ming tonna). Shu bois, Rossiya bilan erishilgan yangi kelishuvlar doirasida import qilinadigan yoqilg‘i mamlakat ehtiyojini to‘liq qoplashi kutilmoqda.
5 avgust holatiga ko‘ra, Bishkek shahrida dizel yoqilg‘isining bir litri qariyb 100 som (1,14 AQSH dollari), AI-95 markali benzin taxminan 110 som (1,26 AQSH dollari), AI-92 markali benzin esa 87 som atrofida (deyarli 1 AQSH dollari) sotilmoqda.



