Hindiston Xitoydan import qilinadigan noyob yer metallarini O‘zbekiston xomashyosi bilan almashtirish niyatida

Baxtiyor Saidov (chapda) va Subramanyam Jayshankar. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati fotosurati

Hindiston O‘zbekiston bilan strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar va noyob yer metallarini qazib olish sohasidagi strategik sheriklikni kengaytirishga kelishib oldi. Shu orqali Janubiy Osiyo davlati Xitoyning ta’minot zanjirlariga qaramligini kamaytirishni maqsad qilmoqda. Bu haqda Indian Masterminds nashri ikki davlat tashqi ishlar vazirlarining Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlariga tayanib xabar berdi.

Muzokaralar 3 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Hindistonga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar tog‘-kon sanoati, mudofaa sanoati, energetika, savdo, ta’lim va texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Muzokaralarda noyob yer elementlariga alohida e’tibor qaratildi. Ular elektr dvigatellari, shamol turbinalari, smartfonlar, yarim o‘tkazgichlar, raketa boshqaruv tizimlari, radiolokatsiya uskunalari hamda harbiy elektronika ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan 17 turdagi metallar guruhidan iborat.

Geologiya xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston litiy, volfram, mis, molibden, uran, grafit kabi strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar, shuningdek, noyob yer metallarining tijorat jihatidan ahamiyatli zaxiralariga ega.

Hozirgi vaqtda Xitoy dunyodagi noyob yer elementlari qazib olinishining taxminan 60–70 foizini va ularni qayta ishlash sohasining 85 foizdan ortig‘ini nazorat qiladi. Bu esa Hindiston, AQSH, Yaponiya, Avstraliya va Yevropa Ittifoqi davlatlarini muqobil yetkazib beruvchilarni izlashga undamoqda. O‘zbekiston ushbu strategiyada muhim hamkorlardan biri sifatida qaralmoqda.

Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar ikki davlat qurilish, raqamli texnologiyalar, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida allaqachon hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi. «Endilikda biz hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni, tog‘-kon sektorida, ayniqsa, strategik minerallar va noyob yer resurslari sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishni istaymiz», — dedi u.

Bu fikrlarni Hindiston prezidenti Draupadi Murmu Saidov bilan uchrashuvda ham tasdiqladi. U, xususan, tog‘-kon sanoati sohasidagi hamkorlikning katta salohiyati borligini qayd etdi.

Xabarlarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bilan hamkorlik nafaqat xomashyo import qilishni, balki birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qayta ishlash quvvatlariga investitsiyalar kiritish, texnologiyalarni yetkazib berish va kadrlar tayyorlashni ham nazarda tutadi. Agar ushbu rejalar amalga oshirilsa, Hindiston noyob yer metallarini qazib olishdan tortib, ularni tozalashgacha bo‘lgan butun qiymat zanjirida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa mamlakatga «Atmanirbxar Bxarat» («O‘zini o‘zi ta’minlaydigan Hindiston») tashabbusi doirasidagi maqsadlarga erishishga yaqinlashish imkonini beradi.

Hindistonning O‘zbekiston tog‘-kon sanoatiga investitsiya kiritish niyati haqida Saidovning Nyu-Dehliga tashrifi doirasida 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Hindiston–O‘zbekiston biznes-forumida ham so‘z yuritildi. Ustuvor yo‘nalishlar qatorida metallurgiya, kimyo sanoati, energetika, raqamli infratuzilma, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, mashinasozlik va agrosanoat majmuasi ham qayd etildi.

Asosiy e’tibor xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliylashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energetikani va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy tibbiy hamda agrosanoat obyektlarini barpo etishga qaratildi.

Forumda ikki davlat iqtisodiyotlarining o‘zaro to‘ldiruvchanligi alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Hindistonga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, o‘g‘itlar, kimyo sanoati mahsulotlari, rangli metallar, to‘qimachilik mahsulotlari hamda elektrotexnika uskunalari yetkazib berishni oshirishga tayyor ekanini bildirdi. Hindistondan importni kengaytirish esa farmatsevtika, texnologiyalar, mashinalar va avtomobil butlovchi qismlari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshib, ilk bor 1,3 milliard dollardan oshdi. Tomonlar ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadda savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, hamkorlik uchun asosiy muammolardan biri logistika bo‘lib qolmoqda. ETV Bharat nashriga bergan izohida Imagindia tahliliy markazi rahbari Robinder Sachdev Hindistondan Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan to‘g‘ri quruqlik yo‘li orqali chiqish imkoniyatini ushbu yo‘nalishda Pokiston joylashgani qiyinlashtirayotganini, muqobil Eron orqali o‘tuvchi yo‘l esa cheklanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, ekspert fikricha, so‘nggi to‘siq yaqin istiqbolda bartaraf etiladi.