Qirg‘izistonda insonlarni krematsiya qilish va kul solingan urnalarni kolumbariylarga dafn etish taqiqlandi

Qirg‘iziston hukumati vafot etganlarni yoqish uchun krematoriylardan foydalanishni taqiqladi. Tanib bo‘lmaydigan jasadlarni esa faqat qabristonlarda yerga ko‘mishga ruxsat beriladi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tomonidan 4 avgust kuni imzolangan «Dafn etish va dafn marosimlari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan ushbu va boshqa o‘zgartishlar o‘n kundan keyin kuchga kiradi, deb xabar beradi 24.kg nashri.

Qonunning yangi tahririda vafot etgan insonlarning jasadlarini, shuningdek, abort qilingan va o‘lik tug‘ilgan homilalarni yoqish uchun krematoriylardan foydalanish to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlandi.

O‘zgartishlarga ko‘ra, bunday inshootlar faqat tibbiy faoliyat natijasida hosil bo‘ladigan biologik obyektlarni sanitariya maqsadida issiqlik orqali yo‘q qilish uchun mo‘ljallanadi. Aniqlik kiritilishicha, bu holatda inson a’zolari va to‘qimalari haqida so‘z bormoqda.

Ammo krematoriylar va biologik obyektlarni yo‘q qilish mumkin bo‘lgan boshqa inshootlarni qurishga ruxsat beriladi. Bunday obyektlar davlat mablag‘lari hisobidan ham, xususiy kompaniyalar mablag‘lari evaziga ham barpo etilishi mumkin.

Bundan tashqari, OAV yozishicha, qonundan vafot etgan fuqarolarni krematsiya qilish, kul solingan urnalar, kolumbariylar va motam devorlari haqidagi qoidalar ham chiqarib tashlangan. Shaxsi aniqlanmagan va talab qilinmagan jasadlar ham faqat qabriston hududida yerga ko‘milgan holda dafn etiladi.

Amaldagi, 2024 yil fevral oyida qabul qilingan qonun tahririda Qirg‘izistonda kul solingan urnalarni dafn etish va jasadlarni yoqishga ruxsat berilgan. Bunday marosimlar qonunning 23-moddasi — « Хotira devorlari (kolumbariylar)» va 24-moddasi — «Krematoriylar» bilan tartibga solingan.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda inson jasadlarini yoqish uchun mo‘ljallangan birorta ham krematoriy mavjud emas. Garchi 2024 yilda «Dafn etish va dafn marosimlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganidan so‘ng hokimiyat bunday inshootlarni qurish rejalarini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, ular davlat mablag‘lari hisobidan va faqat shaharlarda barpo etilishi aytilgan edi.

Krematsiya bir qator dinlarda keng qo‘llanadi. Masalan, buddizm, hinduizm va sintoizm (Yaponiyada keng tarqalgan din)da bunday marosim mavjud.

Nasroniylik, jumladan pravoslav an’anasi, qabristonlarda yer yetishmasligi yoki boshqa sharoitlarda jasadni yoqishga yo‘l qo‘yadi va bu usulni mutlaq gunoh deb hisoblamaydi.

Jasadni olovda yoqish islom, yahudiylik va zardushtiylikda taqiqlangan. Jumladan, musulmonlarda inson vafot etganidan keyin uni faqat yerga dafn qilish kerakligi haqida qat’iy qoida mavjud.

Siklopediya ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda buddizmga e’tiqod qiluvchilar soni 10 ming kishidan kam. Respublikada rasman ro‘yxatdan o‘tgan 3 mingdan ortiq diniy tashkilot orasida faqat bittasi buddizmga taalluqli.