Qozog‘istonda konstitutsiyaviy islohotlar fonida inson huquqlari himoyachilari repressiyalar kuchayganini ma’lum qildi

Meiramgul Kussainova/Anadolu via Getty Images fotosurati

2026 yilning birinchi yarmida Qozog‘istonda konstitutsiyaviy islohotlar fonida fuqarolik jamiyati uchun makon yanada qisqardi. Bu haqda Xalqaro inson huquqlari bo‘yicha sheriklik (IPHR) hamda Qozog‘iston inson huquqlari va qonuniylikka rioya etish xalqaro byurosi tomonidan xalqaro CIVICUS tarmog‘i uchun tayyorlangan hisobotda so‘z boradi.

Hujjat mualliflarining ta’kidlashicha, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar jadal tartibda qabul qilingan, yetarli darajada jamoatchilik muhokamasisiz va fuqarolik jamiyatining to‘laqonli ishtirokisiz amalga oshirilgan.

Inson huquqlari himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, islohotlarni tanqid qilgan shaxslar bosimga duch kelgan. Bu bosimlar orasida ushlab turish, so‘roq qilish, ma’muriy jazolar qo‘llash va jinoiy ta’qiblar ham bo‘lgan. Misol sifatida Konstitutsiya bo‘yicha referendumni «oqilona boykot qilish»ga chaqirgani uchun to‘rt yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan advokat Orazali Yerjanov, muxolifat faoli Yermek Narimbay va bloger Elmar Uaxitga oid ishlar keltirilgan.

Hisobotda, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarga bosim kuchaygani ham qayd etilgan. Mualliflar konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha kampaniya davrida mustaqil nashrlarga qarshi kiberhujumlar uyushtirilganini, prezident Qosim-Jomart To‘qayevning qarindoshlari haqidagi surishtiruv e’lon qilinganidan so‘ng «Ozodlik radiosi» veb-sayti vaqtincha ishlamaganini, shuningdek, mualliflik huquqi buzilgani haqidagi shikoyatlardan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi kontent va akkauntlarni bloklash holatlari ko‘payganini tilga olgan.

Hisobotda «yolg‘on axborot tarqatish» haqidagi jinoyat moddasi asosida jurnalistlar va blogerlarga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unda Orda.kz bosh muharriri Gulnara Bajkenova, «KazTAG» bosh muharriri Amir Kasenov, agentlik direktori Aset Matayev, jurnalist Botagoz Omarova, jamoat faoli Ayjan Mameshova hamda advokat-bloger Adiletxan Moldaxan tilga olingan.

Hujjat mualliflari, shuningdek, faollarga nisbatan «adovat qo‘zg‘atish» haqidagi jinoyat moddasi qo‘llanilayotganidan xavotir bildirishgan. Xususan, «Atajurt» harakati ishtirokchilariga chiqarilgan hukmlar, faol Gulnaz Serikbayeva ustidan sud jarayoni, harakat asoschisi Serikjan Bilashning qarindoshlariga nisbatan jinoiy ta’qib, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tmagan «Alg‘a, Qazaqstan!» partiyasi yetakchisi Marat Jilanbayev va uning tarafdorlariga oid ishlar tilga olingan.

Hisobotda qayd etilishicha, muxolifat partiyalari hanuzgacha davlat ro‘yxatidan o‘ta olmayapti. Shu sababli ular 2026 yil 23 avgustga belgilangan yangi bir palatali parlament saylovlarida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, inson huquqlari himoyachilari joriy yil mart oyida kuchga kirgan «LGBT targ‘iboti» deb ataluvchi faoliyatni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni tanqid qildi. Ularning fikricha, mazkur qonun so‘z erkinligini va LGBT tashkilotlari faoliyatini yanada cheklagan.

Mualliflar xorijiy moliyalashtirish oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari ustidan nazorat kuchaytirilganini ham ta’kidlagan. Ularga ko‘ra, yangi Konstitutsiya xorijiy moliya manbalarini ochiq e’lon qilishni talab qiladi, yil boshida qabul qilingan yangi qoidalar esa bunday tashkilotlarni tekshirish bo‘yicha soliq organlarining vakolatlarini kengaytirgan.

IPHR va Qozog‘iston inson huquqlari va qonuniylikka rioya etish xalqaro byurosi baholashicha, Qozog‘iston hokimiyati tinch yig‘ilishlarni o‘tkazishga nisbatan cheklovchi yondashuvni saqlab qolgan. Hisobotda aytilishicha, mitinglar o‘tkazish uchun ruxsat olish hamon qiyinligicha qolmoqda, ruxsat etilmagan aksiyalar va yakka tartibdagi ommaviy chiqishlar ishtirokchilari esa muntazam ravishda ta’qibga uchramoqda.

Hisobotning alohida bo‘limi transmilliy repressiyalarga bag‘ishlangan. Inson huquqlari himoyachilari Kiyevda qozog‘istonlik jurnalist Aydos Sodiqov o‘ldirilganiga ikki yil bo‘lganiga qaramay, aybdorlar haligacha javobgarlikka tortilmaganini eslatgan. Shuningdek, ularning ta’kidlashicha, uning rafiqasi Natalya Sodiqova hamon bosim va sud ta’qibiga duch kelmoqda.

Umuman olganda, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar 2026 yilning birinchi yarmida Qozog‘istonda fikr bildirish erkinligi, mustaqil ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va siyosiy muxolifat faoliyati bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashgan, degan xulosaga kelgan.

ℹ️ Ushbu hisobot CIVICUS Monitor — dunyoning 196 ta mamlakatida fuqarolik jamiyati va fuqarolik erkinliklari holatini kuzatib boruvchi xalqaro tadqiqot loyihasi uchun tayyorlangan. Monitoringning so‘nggi baholashiga ko‘ra, Qozog‘iston fuqarolik makoni «repressiv» (Repressed) deb baholanadigan davlatlar toifasiga kiradi. CIVICUS bahosiga ko‘ra, ushbu toifaga hukumatlari so‘z erkinligi, tinch yig‘ilishlar o‘tkazish huquqi va fuqarolik jamiyati faoliyatini sezilarli darajada cheklaydigan mamlakatlar kiritiladi.