Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi «terrorchilar ro‘yxati»ga oid normani tekshirishdan bosh tortdi

Maks Bokayev. Ijtimoiy tarmoqdan olingan fotosurat

Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi faol Maks Bokayevning terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq shaxslar ro‘yxatiga kiritish haqidagi normani inkor etishga oid murojaatini rad etdi.

Maks Bokayev o‘zini mazkur ro‘yxatdan chiqarishni talab qilib, amaldagi qonunchilikda bu jarayonning aniq mexanizmi belgilanmaganini, bu esa fuqarolar huquqlarining qo‘shimcha cheklanishiga olib kelayotganini ta’kidlagan.

Konstitutsiyaviy sud ma’lum qilishicha, murojaatchining vajlari avval ham umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan ko‘rib chiqilgan. 2025 yil fevral oyida Atirau viloyati ixtisoslashtirilgan tumanlararo ma’muriy sudi uning da’vosini qabul qilishni rad etgan, aprel oyida esa ushbu qaror viloyat sudi tomonidan o‘z kuchida qoldirilgan.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud qonunchilikda vakolatli organlarga ro‘yxatdan chiqarish haqida asoslantirilgan ariza bilan murojaat qilish imkoniyati mavjudligini qayd etdi.

Sud qayd etishicha, mazkur ro‘yxatga kiritilish muayyan huquqiy oqibatlarga olib keladi, jumladan yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda cheklovlar qo‘yilishi mumkin. Shu bilan birga, milliy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ayrim konstitutsiyaviy huquqlar cheklanishi mumkinligi ta’kidlangan.

Natijada sud Maks Bokayevning murojaati amalda davlat organlari va sudlar qarorlaridan norozilik bildirishga qaratilgani, bunday qarorlarni qayta ko‘rib chiqish esa Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi vakolatiga kirmasligi haqida xulosaga kelgan.

Maks Bokayev 2016 yilda Atirau shahridagi yer masalasiga bag‘ishlangan namoyishlardan keyin sudlangan edi. Keyinchalik u terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan. Faolning aytishicha, bu holat uning bank xizmatlaridan foydalanishi va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan.

“Azattik Aziya” radiosi eslatishicha, Bokayev avval ham mazkur ro‘yxatda bo‘lgani sabab bank hisob raqami ocha olmasligi, jamoatchilik faoliyati bilan to‘liq shug‘ullana olmasligi, saylovlarda nomzod sifatida qatnasholmasligi, mol-mulk bilan bog‘liq bitimlar tuzolmasligi va hatto jamoat transportida yo‘l haqini to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu cheklovlar yana bir necha yil davom etishi mumkin.

Qonunga ko‘ra, bunday holatga tushgan shaxsga eng kam ish haqi miqdoridagi mablag‘dan foydalanish huquqi saqlab qolinadi. Hozirda bu summa 85 ming tengeni (taxminan 174 dollar) tashkil etadi. Maks Bokayevning ta’kidlashicha, ro‘yxatga kiritilgani sabab u doimiy ishga ega emas. Bank hisoblariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishni so‘rab vakolatli organlarga qilgan murojaatlari natija bermaganidan so‘ng, u Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilgan.

Qozog‘istonda garovga olish, taqiqlangan tashkilot faoliyatida ishtirok etish, ijtimoiy, milliy, urug‘chilik, irqiy, tabaqaviy yoki diniy adovat qo‘zg‘atish kabi qator moddalar bo‘yicha sudlangan shaxslar avtomatik ravishda terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi. Shundan keyin ular amalda bank, sug‘urta va notarial xizmatlardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Mazkur ro‘yxatni Moliyaviy monitoring agentligi yuritadi. Agar 2016 yilda unda taxminan 500 nafar kishi bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib ularning soni 1500 nafardan oshgan. Huquq himoyachilari mazkur ro‘yxatga kiritish amaliyotini tanqid qilib, u sobiq mahkumlar uchun qo‘shimcha cheklovlar va to‘siqlar yaratishini ta’kidlaydilar.