HRW: Qirg‘izistonda jinsni o‘zgartirishni taqiqlash transgenderlarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitish xavfini oshiradi

Qirg‘iziston parlamentida ko‘rib chiqilayotgan transgenderlikka o‘tish va hujjatlarda jinsni o‘zgartirishni taqiqlash haqidagi qonun loyihasi jins o‘zgarishini yuridik tan olishni taqiqlaydi, genderni tasdiqlovchi* tibbiy yordamni to‘liq man etadi hamda transgenderlarga nisbatan kamsitish va zo‘ravonlik xavfini oshiradi. Bu haqda inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch (HRW) tashkiloti ma’lum qildi.

4 iyun kuni birinchi o‘qishdan o‘tgan mazkur hujjat ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ham ma’qullanishi, shundan so‘ng esa prezident tomonidan imzolanishi kerak. Huquq himoyachilari parlament qonunni 30 iyun kuni tugaydigan sessiya yakunlangunga qadar tezlashtirilgan tartibda qabul qilib, uni to‘liq muhokamasi uchun vaqt qoldirmasligi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

«Ushbu qonun loyihasi transgender insonlar haqidagi xavfli afsonalarga asoslangan bo‘lib, ularning hayotiga tezda jiddiy zarar yetkazadi. U odamlarni huquqiy tan olish imkoniyatidan mahrum qiladi, ularni jamiyat chetida qoldiradi hamda kamsitish va zo‘ravonlikka nisbatan zaif holatga tushirib qo‘yadi. Parlament bu loyihani so‘zsiz rad etishi kerak», — deb hisoblaydi Siynat Sultanaliyeva.

Human Rights Watch tashkiloti eslatishicha, 2020 yil avgustiga qadar Qirg‘izistonda «transseksualizm» tibbiy tashxisiga ega shaxs o‘zi tanlagan genderni ma’muriy tartibda huquqiy tan olish mumkin edi, ammo parlament bu normani qonunchilikdan chiqarib tashladi. Shundan beri transgender shaxslar hujjatlardagi gender belgisini faqat sud orqali o‘zgartirishlari mumkin.

2024 yili hukumat 25 yoshdan kichik shaxslar uchun genderni tasdiqlovchi tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini cheklagan edi. Yangi qonun loyihasi sud orqali murojaat qilish imkoniyatini ham bekor qiladi, shuningdek gormonal terapiya va jarrohlik amaliyotlarini o‘z ichiga olgan har qanday yordamni to‘liq taqiqlaydi. Faqat «tug‘ma anomaliyalar» uchun istisno nazarda tutilgan bo‘lib, bu, ehtimol, interseks bolalarda ularning roziligisiz amalga oshiriladigan operatsiyalarni anglatadi.

Qonun loyihasi ota-onalarni farzandlarini qat’iy ravishda ularning «biologik jinsi»ga muvofiq tarbiyalashga majbur qiladi hamda «voyaga yetmaganlarda gender o‘zligini o‘zgartirishga qaratilgan har qanday harakatlar»ni taqiqlaydi. Bolalar nafaqat tibbiy yordamdan, balki psixologik qo‘lmakdan va gender identifikatsiyasi haqidagi ma’lumotlardan ham mahrum etiladi.

Human Rights Watch tashkiloti bu holatdan xavotir bildirib, hujjatlardagi ma’lumotlar shaxsning gender identifikatsiyasiga mos kelmasligi transgender insonlar uchun ishga joylashish, uy-joy topish va ta’lim olishda kamsitish xavfini oshirishini, shuningdek ta’qib, zo‘ravonlik va tovlamachilikka uchrash ehtimolini kuchaytirishini ta’kidladi.

BMTning jinsiy oriyentatsiya va gender identifikatsiyasi masalalari bo‘yicha mustaqil eksperti genderni huquqiy tan olmaslik jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy zarar, asossiz hibsga olish va qiynoq holatlarining ko‘payishiga olib kelishini qayd etgan.

HRW ta’kidlashicha, bolalarga oid mazkur qoidalar Qirg‘iziston Konstitutsiyasi va BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga ziddir. Bola manfaatlarini ustuvor qo‘yish tamoyili tibbiy yordam va axborotni qonun yo‘li bilan taqiqlash bilan uyg‘unlasha olmaydi. Qonun loyihasi amalda transgender bolalar va yoshlarga psixologik yordam ko‘rsatish hamda jinsiy-ma’rifiy ta’lim berishni jinoiylashtiradi.

Genderni huquqiy jihatdan tan olishni taqiqlash Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt talablarini, xususan huquq subyekti sifatida tan olinish huquqi va shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini buzadi. Inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi davlatlarga o‘zini o‘zi identifikatsiya qilish tamoyili asosida soddalashtirilgan huquqiy tan olish tartiblarini joriy etishni bir necha bor tavsiya qilgan.

BMTning ayollarga nistaban diskriminatsiyani yo‘q qilish qo‘mitasi 2015 yili transgender ayollar uchun gender belgisini rasman o‘zgartirish tartibi mavjud emasligidan xavotir bildirgan edi. 2021 yili esa u Qirg‘iziston ushbu huquqni qayta tiklashi kerakligini ta’kidlagandi.

Genderni tasdiqlovchi tibbiy yordamni to‘liq taqiqlash Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12-moddasida belgilangan insonning erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori darajadagi sog‘liqqa bo‘lgan huquqini buzadi. 2024 yili Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huqularni himoya qilish qo‘mitasi Qirg‘izistondagi kamsituvchi cheklovlarga e’tibor qaratib, bunday to‘siqlarni bartaraf etishni talab qilgandi.

2025 yil fevral oyida Qirg‘iziston BMT Inson huquqlari kengashida mamlakatda transgender shaxslarning huquqlari, jumladan tibbiy yordam olish huquqi ta’minlanayotganini ma’lum qilgandi. Biroq, 2026 yil 15 may kuni BMT ekspertlari yangi qonun loyihasining maqsad va qoidalari Qirg‘izistonning xalqaro majburiyatlariga mos kelmasligi haqida ogohlantirgan.

HRW ta’kidlashicha, xalqaro hamkorlar, ayniqsa Yevropa Ittifoqi, mazkur masalalarni ikki tomonlama munosabatlarda ko‘tarib chiqishlari lozim. Chunki BMT shartnomalari talablarini bajarish Qirg‘izistonning iqtisodiy va siyosiy aloqalarni yaqinlashtirish bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlaridan biri hisoblanadi.

ℹ️ Transgenderlikka o‘tish va hujjatlarda jinsni o‘zgartirishni taqiqlash haqidagi qonun loyihasi quyidagi qoidalarni o‘z ichiga oladi:

▪️ jismoniy shaxsning jinsi faqat tug‘ilgan vaqtda tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida qayd etilgan biologik (anatomik va genetik) belgilari asosida belgilanadi;

▪️ tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida qayd etilgan jinsning o‘zgartirilishi tan olinmaydi va ushbu kodeksda nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarning yuzaga kelishi yoki tugatilishi uchun asoslarni, jumladan nikoh tuzish, onalik yoki otalikni belgilash bilan bog‘liq huquqiy oqibatlarni o‘zgartirmaydi.

▪️ voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan ularning jinsiy o‘zligini anglashini o‘zgartirishga yoki tug‘ilganda qayd etilgan jinsni o‘zgartirish mumkinligi haqida tasavvur shakllantirishga qaratilgan har qanday harakatlar, shu jumladan shu maqsaddagi tibbiy, jarrohlik va psixologik aralashuvlar taqiqlanadi. Ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bolalarni tug‘ilganda berilgan biologik jinsiga muvofiq tarbiyalashi va ularning jismoniy hamda ruhiy sog‘lig‘ini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishi, jumladan jinsni o‘zgartirishga qaratilgan aralashuvlardan asrashi shart;

▪️ bir xil biologik jinsga mansub shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

*Genderni tasdiqlovchi tibbiy yordam (gender-affirming health care) — xalqaro huquq va tibbiyotda qabul qilingan atama bo‘lib, insonning jismoniy va ijtimoiy xususiyatlarini uning gender identifikatsiyasiga muvofiqlashtirishga qaratilgan tibbiy, psixologik va ijtimoiy chora-tadbirlar majmuini anglatadi.