Gennadiy Golovkin Xalqaro boks shon-shuhrati zaliga kiritildi

Gennadiy Golovkin. olympic.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari, bokschi Gennadiy Golovkin rasman Xalqaro boks shon-shuhrati zaliga kiritildi.

Marosim Nyu-York shtati, Kanastota shahrida IBHOFning an’anaviy uik-endi davomida bo‘lib o‘tdi. 2026 yili Antonio Tarver va Nayjel Benn ham Golovkin qatoridan joy olishdi.

Golovkin Xalqaro boks shon-shuhrati zaliga kiritilgan qozog‘istonlik birinchi vakil bo‘ldi. U birinchi urinishdayoq, kiritilish huquqini olgan ilk yilning o‘zidayoq zalga kiritildi.

Xalqaro boks shon-shuhrati zali Kanastotada joylashgan bo‘lib, jahon boks tarixini asrab kelayotgan asosiy institutlardan biri hisoblanadi. Turli yillarda u yerga Muhammed Ali, Mayk Tayson, Shugar Rey Leonard, Oskar De La Xoyya, Bernard Xopkins, Floyd Meyvezer va boshqa afsona bokschilar kiritilgan.

Gkennadiy Golovkin (45 jang, 42 g‘alaba, 1 durang, 2 mag‘lubiyat, 37 nokaut) — IBF, IBO, WBA, WBC va The Ring (2018) versiyalari bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan. 2004 yilgi Olimpiya o‘yinlarining kumush medal sovrindori, jahon va Osiyo chempionatlari sovrindori. Uzoq vaqt davomida u Qozog‘istonning jahon sportidagi eng mashhur vakili hisoblangan. Hozirgi kunda Qozog‘iston sportining yetakchi yulduzi sifatida tennischi Yelena Ribakina e’tirof etiladi.

Faoliyatini yakunlaganidan so‘ng, Golovkin sport-ma’muriy faoliyatga o‘tdi. U Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasini boshqaradi va xalqaro boksdagi eng muhim shaxslardan biri hisoblanadi.