Misrning Qohira shahrida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar qildi.
Tadbir 13 iyun kuni Jizadagi piramidalar etaklarida joylashgan dunyoning eng yirik muzey majmuasi — Grand Egyptian Museumda tashkil etildi.
Taqdimot «O‘zbekiston – Misr: sivilizatsiyalar va islomiy meros muloqoti» media-tadbiri doirasida o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan tashkil etildi
Tadbir qatnashchilariga Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film namoyish etildi. Shundan so‘ng markaz direktori Firdavs Abduxalikov ma’ruza qildi.
U o‘z nutqida O‘zbekiston Misrning ilmiy, ta’lim va madaniy muassasalari bilan umumiy tarixiy merosni o‘rganish va asrab-avaylash sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
«O‘zbekiston va Misrni ilm-fan, ma’rifat va ma’naviyatning ko‘p asrlik an’analari bog‘lab turadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugun islom olamining boy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish bo‘yicha nufuzli xalqaro maydonga aylandi. Biz Misrning ilmiy, ta’lim va madaniyat muassasalari bilan umumiy tarixiy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish yo‘lida keng xalqaro hamkorlikka tayyormiz», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Taqdimot doirasida Ben Kingsli ishtirokida suratga olingan hujjatli film ham namoyish etildi. Unda Movarounnahr olimlari va mutafakkirlarining jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi yoritilgan. Shuningdek, qatnashchilarga O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi tarixiy hamda zamonaviy aloqalar haqida videorolik taqdim etildi.
Tadbirda qutlov nutqlari bilan Baxtiyor Saidov, Sherif Fathi, Jihan Zaki, Ahmad G‘unaym, shuningdek Al-Azhar universiteti, ICESCO, Misr Vaqflar vazirligi hamda ilmiy-muzey sohasi vakillari ishtirok etdilar.
Notiqlar o‘z chiqishlarida O‘zbekiston va Misrning islom sivilizatsiyasi tarixidagi alohida o‘rnini ta’kidlab, Movarounnahr va Qohira ilmiy maktablari o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalarga e’tibor qaratdilar. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk allomalar merosiga alohida urg‘u berildi. Ularning asarlari asrlar davomida islom olamining eng yirik ta’lim markazlarida, jumladan Al-Azharda ham o‘rganib kelinmoqda.
Misr turizm va qadimiyatlar vaziri Sherif Fathiy O‘zbekiston ulkan madaniy merosga ega ekanini va islom madaniyati tarixida alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
«Men mamlakatingizning bir nechta go‘zal shaharlarida bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lganman va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish imkoniyatini katta qiziqish bilan kutmoqdaman», — dedi Fathiy.
Dasturning muhim qismlaridan biri «O‘zbekiston madaniy merosi — butun insoniyat boyligi» ko‘rgazmasi bo‘ldi. Ekspozitsiyada O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan ko‘p jildli kitob-albomlar, noyob islomiy qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari, islom san’ati va sharq miniatyurasi namunalari, shuningdek, Usmon mus'hafi hamda Movarounnahr qo‘lyozma merosining buyuk yodgorliklariga bag‘ishlangan multimedia loyihalari namoyish etildi.
Shuningdek, Grand Egyptian Museumga «O‘zbekiston madaniy merosi» kitob-albomlar turkumining to‘plami sovg‘a qilindi. Marosim davomida muzey rahbariyatiga mazkur nashrlarning dunyodagi eng yirik muzey majmualaridan biri ilmiy-ta’lim fondiga topshirilganini tasdiqlovchi rasmiy sertifikat taqdim etildi.
Tadbir doirasida 2026 yil 7–11 iyul kunlari O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» nomli birinchi xalqaro forumga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Misr olimlari, tadqiqotchilari, muzey xodimlari va akademik muassasalar vakillari forumga taklif etildi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



