«G‘azalkent» klubi futbolchilari O‘zbekiston Kubogining chorak finalida Namanganning «Navbahor» jamoasiga qarshi maxsus futbolkalarda maydonga tushishdi. Futbolkalarga autizmli bolalar chizgan rasmlar tushirilgan. Kiyimlar cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularni sotishdan tushgan mablag‘lar jihozlar va o‘quv materiallari xarid qilish uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim markaziga yo‘naltiriladi.
«Navbahor» bilan o‘yin «G‘azalkent» uchun klub qayta tiklanganidan keyingi ilk mavsumdagi eng muhim uchrashuvlardan biri bo‘ldi. Pro-ligada ishtirok etayotgan «G‘azalkent» ilk bor milliy Kubokning chorak finaligacha yetib bordi. Namanganda jamoa 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Avvalroq «G‘azalkent» vakillari Professional futbol ligasi bilan birgalikda Toshkentdagi «Nurafshon» markazi tarbiyalanuvchilari huzurida bo‘lishgan. Ushbu markaz, jumladan, autizm spektri buzilishi bo‘lgan bolalar bilan ham ishlaydi. Mazkur aksiyada O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari Abduqodir Husanov va Behruz Karimov, shuningdek, «G‘azalkent» rahbari G‘ayrat Xasbiullin ishtirok etgan.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonning boshqa futbol klublari ham bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya aksiyalarini o‘tkazgan. 2019 yilda «Paxtakor» Ezgu Amal jamg‘armasi bilan birgalikda og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Hayot uchun futbol» aksiyasini tashkil etgan. AGMKga qarshi o‘yin oldidan bolalarni davolash uchun mablag‘ yig‘ilgan, Toshkent jamoasi sardori esa suyak qo‘mig‘i transplantatsiyasiga muhtoj bola bilan birga maydonga chiqqan. Klub futbolchilari Respublika onkologiya markazining bolalar bo‘limiga ham tashrif buyurishgan. Yana bir futbol klubi — «Qo‘qon-1912» Toshkentdagi Gematologiya institutida leykozga chalingan bolalar uchun o‘tkazilgan xayriya aksiyasida ishtirok etgan.
Hozirgi «G‘azalkent» klubi professional futbolda 25 yillik tanaffusdan so‘ng, 2025 yil oxirida qayta tiklandi. Klub xususiy mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi va asosan yosh futbolchilarga tayanadi. Qayta tiklanganidan so‘ng jamoa ilk mavsumda Superligaga chiqish uchun kurash olib bormoqda.



