FT: Rossiyaning A7 tarmog‘i G‘arb banklari orqali 6,9 milliard dollar o‘tkazgan, eng yirik to‘lovchi — Qirg‘iziston davlat kompaniyasi bo‘lgan

Rossiya va Qirg‘izistonda moldovalik qochqin oligarx Ilan Shor tomonidan Rossiya davlat banki — «Promsvyazbank» (PSB) ko‘magida tashkil etilgan A7 to‘lov tarmog‘i 2024 yil oxiridan 2025 yil avgust oyiga qadar sanksiyalarni chetlab o‘tib, xalqaro bank tizimi orqali 6,9 milliard dollardan ortiq mablag‘ o‘tkazgan. Buni Financial Times gazetasi aniqlagan.

Nashr ixtiyorida A7 kompaniyasining yuz minglab ichki hujjatlari bo‘lgan. Ulardan ko‘rinib turibdiki, kompaniya SWIFT tizimiga kirish uchun soxta firmalardan va hujjatlarni ommaviy ravishda qalbakilashtirishdan foydalangan. Ushbu sxemaning dastlabki bosqichida Qirg‘iziston davlat tuzilmalari muhim rol o‘ynagan.

FT o‘rganish davrida to‘lovlarni amalga oshirgan 100 ta soxta kompaniya izini aniqlagan. Hujjatlarda bunday tuzilmalardan yana kamida yuztasi tilga olingan: ularning salkam 61 tasi BAAda, 87 tasi Gonkongda, 16 tasi Qirg‘izistonda va 14 tasi Indoneziyada joylashgan. Eng yirik kompaniyalarning aksariyati A7 nazorati ostidagi faqat nomigina mavjud bo‘lgan tuzilmalar bo‘lgan. Biroq FT eng yirik alohida to‘lovchi sifatida hozirda tugatilgan Qirg‘iziston davlat tuzilmasi — «Qirg‘iziston Respublikasi Savdo kompaniyasi» OAJni (QRSK) ko‘rsatmoqda.

Kompaniyani respublika Iqtisodiyot vazirligi 2024 yilda tashkil etgan, 2026 yil 10 fevraldagi buyruq bilan esa tugatilgan. U orqali 2,5 milliard dollarlik operatsiyalar amalga oshirilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, jami Qirg‘izistondan 3,9 milliard dollarlik, BAAdan 2,19 milliard dollarlik, Gonkongdan esa 338,2 million dollarlik to‘lovlar yuborilgan.

FT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxiri va 2025 yil boshida A7 Qirg‘izistonning uchta banki — «Eldik Bank», «Ayil Bank» va Yevroosiyo jamg‘arma banki (YESB) orqali yirik mablag‘larni o‘tkazgan. Dastlabki ikki bank davlatga tegishli. Sobiq RSK Banki bo‘lgan «Eldik Bank»ning 100 foiz aksiyalari Vazirlar Mahkamasiga tegishli, deb bankning o‘zi xabar bergan. «Ayil Bank» ham to‘liq hukumatga tegishli. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, har ikki davlat banki mamlakatdagi eng yirik uchta bank qatoriga kirgan, «Eldik Bank» esa aktivlar hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi.

Asosiy operatsiyalari Osiyo, Afrika va Yaqin Sharqda jamlangan Britaniyaning Standard Chartered banki ushbu banklar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri korrespondentlik munosabatlariga ega bo‘lmagan. Biroq 2025 yil fevral oyida ushbu operatsiyalar bankda shubha uyg‘otgan. A7 hujjatlaridan ko‘rinib turishicha, bunga 20 yanvar kuni amalga oshirilgan bir qator to‘lovlar sabab bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi majburiy hisobot berish chegaralaridan oshmaslik uchun mayda qismlarga bo‘lingan, deb taxmin qiladi FT. Bir kompaniya aynan 20 million yuanni 12 ta to‘lov orqali, boshqa bir kompaniya esa xuddi shu summani olti transhga bo‘lib olgan.

Standard Chartered YESBdan bir qator hisob raqamlariga yo‘naltirilgan o‘tkazmalarni muzlatgan, ko‘p o‘tmay A7 bilan bog‘liq mablag‘larni qabul qiluvchilarning hisob raqamlarini ham yopgan. Shundan so‘ng Standard Chartered orqali mablag‘lar oqimi to‘xtagan, tarmoq esa Qirg‘iziston banklariga emas, ko‘proq BAA banklari orqali mablag‘ o‘tkaza boshlagan. Bunga qadar Standard Charteredning Gonkongdagi bo‘limi hisob raqamlariga A7 bilan bog‘liq tuzilmalardan 1,1 milliard dollar kelib tushgan. Gonkongdagi DBS bankiga 273 million dollar, Citigroup mijozlariga 74 million dollar, Yevropadagi Deutsche Bank mijozlariga esa qariyb 18 million dollar yuborilgan.

Qirg‘izistondan keyingi asosiy kanal BAAning eng yirik banki First Abu Dhabi bo‘lgan. A7 u yerda 17 ta tuzilma uchun hisob raqamlari ochgan. Ushbu hisob raqamlaridan 1,3 milliard dollarlik tashqi to‘lovlar va yana qariyb 500 million dollarlik soxta kompaniyalarning o‘zaro o‘tkazmalari amalga oshirilgan. Bank o‘z korrespondentlari orqali dirhamlarni dollar, yevro va yuanga ham aylantirgan. Busiz transchegaraviy hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonsiz bo‘lgan.

Amirlik banklari pullarni legallashtirishga qarshi kurashish doirasida hujjatlarni so‘ray boshlaganida, A7 soxta hisob-fakturalar bilan javob bergan. Tarmoqning kamida uchta tuzilmasi Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, A7 2025 yil may oyida u yerda sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. FT ma’lumotlariga ko‘ra, Vengriyadagi yana bir kompaniya Yevropa Ittifoqiga to‘lovlarni amalga oshirish uchun muhim kanal vazifasini bajargan. Aniqlangan mablag‘ oqimlarining yarmidan biroz ko‘prog‘i yakunda Xitoy banklaridagi hisob raqamlarida to‘plangan.

Tekshiruvlardan o‘tish uchun A7 o‘ziga xos «qalbakilashtirish fabrikasi»ni saqlab kelgan. Xodimlar oldindan soxta hujjatlar tayyorlagan va minglab korporativ muhrlardan iborat bazadan foydalangan: ularning ayrimlari qalbaki bo‘lgan, boshqalari esa hech narsadan xabarsiz kompaniyalarning hujjatlaridan ko‘chirib olingan. Sanksiya ostidagi tovarlarning kodlari ruxsat etilgan mahsulotlarning imkon qadar o‘xshash kodlariga almashtirilgan, maxsus dasturlar esa hujjatlardan kirill alifbosini — «rus izi» deb ataluvchi belgilarni — olib tashlagan.

Chatlardan birida xodimlar bankning 2025 yil fevral oyidagi Rossiyalik mijozning qiymati 3,6 million yuan (510 ming dollar) bo‘lgan 500 dona Thermal Scope-HR50L issiqlik tasvirlagichli nishonga olish moslamalari uchun to‘lovi yuzasidan bergan so‘rovini muhokama qilgan. Tayyorlangan hujjatlarda tovar toblangan shisha sifatida ko‘rsatilgan. Uni poyabzalga almashtirish taklifi rad etilgan: «Bu oluvchining avval kameralar/optik tovarlar sifatida ko‘rsatilgan to‘lovlari bo‘lgan — poyabzal savol tug‘dirmaydimi?» — «Mayli, unda shishaligicha qoldiramiz».

Tekshiruv mualliflari A7 SWIFT tizimining o‘zidagi zaiflikdan foydalangan, degan xulosaga kelgan. Tizimdagi nazorat bank-yuboruvchi o‘z mijozlarini qay darajada sinchkovlik bilan tekshirishiga bog‘liq. Tizim ishtirokchisi bo‘lgan bitta bankning tekshiruvlarini chetlab o‘tishning o‘zi butun tizim orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini qo‘lga kiritish uchun yetarli.

Yevroosiyo jamg‘arma banki 2025 yil 12 noyabrdan boshlab Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida. 2026 yil may oyida bank Rossiya hukumati bilan hamkorlikdan manfaat ko‘rganlikda gumon qilinib, Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga ham kiritilgan. Avvalroq Britaniyaning Open Source Centre markazi Qirg‘izistonni Rossiya hisob-kitoblari uchun «vositachi davlat» deb atagan, TKQRni esa ushbu tizimning markaziy bo‘g‘ini sifatida ko‘rsatgan edi. Bu haqda muqaddam «Farg‘ona» batafsil xabar bergandi.