«QazTransOyl» ehtimolga ko‘ra birinchi marta Qirg‘izistonga Rossiya neftini tranzit orqali jo‘natdi

kaztransoil.kz sayti fotosurati

Qozog‘istonning «QazTransOyl» (QTO) transport kompaniyasi 2026 yil avgust oyida birinchi marta Qirg‘izistonga 35 ming tonna neft tranzitini amalga oshirdi. Bu haqda kompaniya xabarida so‘z yuritiladi.

QTO ma’lumotlariga ko‘ra, neft magistral neft quvurlari tizimi orqali Shag‘ir neft quyish punktigacha yetkaziladi va u yerda temir yo‘l sisternalariga qayta yuklanadi.

«Qirg‘izistonga tranzit yo‘nalishining ishga tushirilishi Qozog‘iston hududi orqali neft tashishning yangi yo‘nalishini ochadi va «QazTransOyl» tomonidan ko‘rsatilayotgan tranzit xizmatlari turini kengaytiradi», — deyiladi kompaniya matbuot relizida.

Sohaviy «InfoTEK» nashri bahosiga ko‘ra, ehtimol, gap Rossiya nefti haqida ketmoqda. Ilgari «QazTransOyl» Rossiya xom ashyosini Rossiya chegarasi — Shag‘ir — Qirg‘iziston yo‘nalishi bo‘yicha tranzit qilish uchun tarif modeli joriy etgan edi. Ushbu tarif modeli 2023 yilda bekor qilingan. Biroq, 35 ming tonna neft partiyasi haqidagi rasmiy xabarda uning kelib chiqish mamlakati va yuk egasi ko‘rsatilmagan.

Neft aynan Rossiyaniki ekani haqida Qozog‘istonning bir qator ommaviy axborot vositalari ham yozmoqda.

Qirg‘izistonda yettita mini-neftni qayta ishlash zavodi ishlaydi. Xom ashyo yetishmasligi sababli ular to‘liq quvvatda ishlay olmayapti. Yirik korxonalardan biri Xitoyning Shanxi Coal Chemical Industry Group kompaniyasiga tegishli «Junda» neftni qayta ishlash zavodidir. Uning yillik xom ashyoni qayta ishlash quvvati 800 ming tonnani tashkil etadi. Yana bir yirik zavod — «Qirg‘iz Petroleum Kompani» — «Qirg‘izneftegaz»ga tegishli bo‘lib, yiliga 500 ming tonna xom ashyoni qayta ishlashga mo‘ljallangan.

Qirg‘izistonda neft mahsulotlarining yillik iste’moli qariyb 2 million tonnani tashkil etadi. Mamlakatdagi ishlab chiqarish esa ichki talabning faqat kichik qismini qoplaydi. Yaqin vaqtga qadar Qirg‘izistonga neft mahsulotlarini asosan Rossiya yetkazib bergan va mahalliy bozor ehtiyojining 90–95 foizini ta’minlagan. Rossiyada yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelgani sababli Bishkek muqobil yetkazib berish manbalarini, jumladan, Belarus va Xitoydan import qilish imkoniyatlarini izlashga majbur bo‘ldi.