Uran, marganes va volfram: Markaziy Osiyo — AQSH va Xitoy raqobatining yangi maydoniga aylanmoqda

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida KAZ Minerals kompaniyasi tomonidan o‘zlashtirilayotgan ochiq usuldagi oltin koni, 2018 yil 26 iyun. (Shutterstock/Vladimir Tretyakov)

Markaziy Osiyo yarimo‘tkazgichlar, akkumulatorlar, sun’iy intellekt texnologiyalari va mudofaa sanoati uchun zarur bo‘lgan strategik ahamiyatga ega minerallar bo‘yicha AQSH va Xitoy o‘rtasidagi global raqobatning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu haqda jurnalist Arjun Singhning The National Interest nashridagi maqolasida so‘z boradi.

Maqolaga 2026 yil 11–12 iyun kunlari Ostonada bo‘lib o‘tgan Astana Minerals and Mining Conference konferensiyasi asos bo‘ldi. Nashr uni muhim minerallarga bag‘ishlangan dunyodagi eng yirik forum deb ataydi. Muallifning ta’kidlashicha, anjumanning eng e’tiborli ishtirokchisi AQSH delegatsiyasi bo‘lib, Amerika hukumati va xususiy sektori yuqori lavozimli vakillari mintaqa tog‘-kon sanoatiga uzoq muddatli majburiyatlarini e’lon qildi.

«Biz bu yerda uzoq muddatga qolamiz. Hozir harakat qilish vaqti keldi», — dedi AQSH Savdo vazirining yordamchisi Devid Fogel. Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha AQSH maxsus vakili Serdjo Gor 11 iyun kuni Ostonada C5+1 muloqotini chaqirib, «iqtisodiy xavfsizlik strategik ahamiyatga ega minerallarga kirish imkoniyatlarini diversifikatsiya qilish qobiliyatiga bog‘liq», deb ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Donald Tramp «Markaziy Osiyoning jahon savdosi, kommunikatsiyalari va strategik minerallar sohasidagi ahamiyatini yaxshi tushunadi». Nashr qayd etishicha, davlat kotibi Marko Rubio joriy yilda C5+1 formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun mintaqaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

The National Interest ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqadagi besh mamlakat — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hissasiga dunyodagi uran zaxiralarining taxminan 40 foizi, marganetsning 39 foizi va xromning 31 foizi to‘g‘ri keladi. Shuningdek, bu yerda litiy, mis, rux va volframning ham yirik zaxiralari mavjud bo‘lib, bu borada Qozog‘iston yetakchilik qiladi. Faqat Tojikistonning o‘zi yarimo‘tkazgichlar, o‘q-dorilar va kavsharlash ishlarida qo‘llaniladigan surmaning jahon ishlab chiqarishining qariyb 15 foizini ta’minlaydi. Shu bilan birga, hozircha mintaqa mineral xomashyosi eksportida AQSH ulushi atigi 2,1 foizni tashkil etadi. Amerika rasmiylari bu ko‘rsatkichni sezilarli darajada oshirish niyatida.

Nashrning yozishicha, bugungi kungacha AQSHning eng yirik bitimi 2025 yil noyabr oyida Cove Capital kompaniyasi bilan Qozog‘iston o‘rtasida qiymati 1,1 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan volfram konini barpo etish bo‘yicha imzolangan kelishuv hisoblanadi.

Fevral oyida O‘zbekiston AQSH bilan strategik ahamiyatga ega minerallar bo‘yicha kelishuv imzoladi. Ushbu hujjat Amerika hukumatiga kon zaxiralarini qidirish va geologik razvedka ishlarini moliyalashtirish imkonini beradi. Qozog‘iston prezidentining Vashington bilan muzokaralar bo‘yicha maxsus vakili Yerjan Qozixanning ta’kidlashicha, mamlakat «AQSH uchun strategik hamkor sifatida o‘ziga xos o‘ringa ega».

The National Interest ta’kidlashicha, Amerika investitsiyalari yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri — 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan Jekson–Venik tuzatmasidir. U hozirgacha Qirg‘izistondan tashqari Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSH o‘rtasida doimiy normal savdo munosabatlari (PNTR) rejimining joriy etilishiga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Tog‘-kon sanoatida loyihalar odatda 30 yilga mo‘ljallangani sababli, PNTR maqomining mavjud emasligi jiddiy siyosiy xavf sifatida baholanmoqda.  Ushbu cheklovlarni bekor qilishga qaratilgan urinishlar 2006 yildan beri AQSH Kongressida davom etmoqda va ular Bayden hamda Tramp ma’muriyatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Biroq, hozirgacha bu borada aniq natijaga erishilmagan. Senatda ko‘rib chiqilayotgan amaldagi tashabbus esa 119-Kongress vakolatlari tugagunga qadar qabul qilinmasligi mumkin.

Nashrning ta’kidlashicha, bundan ham jiddiyroq raqobatchi — Markaziy Osiyo iqtisodiyotidagi eng yirik tashqi o‘yinchiga aylangan Xitoydir. Geografik yaqinlik va keng ko‘lamli sarmoyalar tufayli, The National Interest bahosiga ko‘ra, Pekin Markaziy Osiyodan mineral xomashyo eksportining qariyb yarmini nazorat qiladi. Qirg‘iziston va Tojikistonda esa ko‘pchiligi davlatga qarashli bo‘lgan Xitoy kompaniyalari qazib olish uchun berilgan litsenziyalarning asosiy qismini egallagan. «Bir makon — bir yo‘l» tashabbusi mintaqa temir yo‘l tarmog‘ini tubdan o‘zgartirdi: u Xitoyning g‘arbiy viloyatlari bilan bog‘langan bo‘lib, qazib olingan xomashyo aynan shu yerlarga qayta ishlash uchun yetkazib beriladi. Geografik jihatdan uzoqda joylashgan AQSH esa Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharq orqali murakkab logistika yo‘nalishlarini shakllantirishga majbur, bu esa qo‘shimcha xavf va xarajatlarni keltirib chiqaradi.

Nashr qayd etishicha, mintaqaga boshqa davlatlar ham qiziqish bildirmoqda. Xususan, 11 iyun kuni Saudiya Arabistoni Qozog‘iston bilan tog‘-kon sanoati sohasidagi kelgusi bitimlar uchun asos yaratadigan anglashuv memorandumini imzoladi. Muallifning fikricha, yaqin istiqbolda Amerika kompaniyalari moliyalashtirish hajmi bo‘yicha Xitoy bilan tenglasha olmaydi. Shu sababli AQSHning mintaqadagi ulushi hali ancha vaqt Xitoynikidan sezilarli darajada past bo‘lib qoladi. The National Interest xulosasiga ko‘ra, Vashingtonning Markaziy Osiyoga qiziqishi tez sur’atlarda ortib bormoqda. Biroq, investitsiyalarni jadallashtirish va savdo sohasidagi cheklovlarni bartaraf etmasdan turib, strategik resurslar uchun kurashda Pekindan ortda qolmaslik qiyin bo‘ladi.