Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi Kiyevni Qora dengizdagi Qozog‘iston kemalariga dronlar orqali hujumlarni bas qilishga chaqirdi. Bu haqda Tleuberdi Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi sessiyasi doirasida ukrainalik hamkasbi Andrey Sibiga bilan uchrashuvdan so‘ng ulysmedia.kz nashriga ma’lum qildi.
«Eng avvalo, Ukraina tomoni bilan kelgusida Qora dengizdagi kemalarimizga dronlar orqali hujumlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi haqida gaplashdik», — dedi Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri.
U Nyu-Yorkda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazganini, shuningdek Rossiya tomonini Ukraina bilan muzokaralar o‘tkazishgaga chaqirganini aytdi.
«Agar har ikki tomon Qozog‘istonda muzokaralar o‘tkazish istagini bildirsa, biz bunga qarshi emasmiz. Ammo bizning fikrimizcha, bu masala faqat ikki davlat o‘rtasida hal qilinishi kerak. Chunki mas’uliyat juda katta. Hech bir vositachi aralashib, bu masalani tashqaridan hal qila olmaydi», — dedi Tleuberdi.
Avvalroq Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Qozog‘iston nefti eksporti infratuzilmasiga dronlar orqali hujumlar uyushtirilishini qoralashini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, bunday hujumlar fuqarolik kemachiligiga xavf tug‘diradi, xalqaro savdoni buzadi va jahon energetika ta’minoti barqarorligiga tahdid soladi.
2026 va 2025 yillarda Qora dengizdagi Kaspiy quvurlar konsorsiumi (KQK) infratuzilmasi Ukraina dronlarining bir necha bor hujumlariga uchradi. Buning oqibatida neft yuklash ishlari to‘xtatildi, Qozog‘iston esa uglevodorod qazib olish hajmini kamaytirishga majbur bo‘ldi.
12 avgust kuni Financial Times o‘z manbalariga tayanib, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning tegishli iltimosidan so‘ng Ukraina Novorossiyskdagi KQK terminalidan foydalanayotgan tankerlarga zarba berishni to‘xtatgani haqida xabar bergandi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev KQK infratuzilmasi va Rossiyaga tegishli bo‘lmagan, Ukraina sanksiyalari ostida bo‘lmagan hamda Rossiya nefti yoki yuklarini tashimaydigan kemalarga hujum qilmaslikka rozi bo‘lgan.
ℹ️ Kaspiy quvurlar konsorsiumi Qozog‘istonning uchta eng yirik koni — Tengiz, Qashag‘an va Qorachig‘anoqdan qazib olinadigan neftni Novorossiysk yaqinidagi dengiz terminaliga yetkazib beradi. 2025 yilda KQK orqali qariyb 70,5 million tonna neft tashilgan. Bu hajmning 75 foizdan ko‘prog‘i xorijiy yuk jo‘natuvchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ularning eng yiriklari qatorida «Tengizshevroyl» (Chevron), ExxonMobil, «QazMunayGaz», Eni va Shell bor.



