O‘zbekiston migrantlarning mehnat stajini hisobga olish va ularga pensiya tayinlash bo‘yicha Rossiya va Qozog‘iston bilan muzokaralarni boshladi

O‘zbekiston hukumati migrantlarning mehnat stajini hisobga olish va ularga xorijiy davlat tomonidan pensiya tayinlanishi masalasi bo‘yicha Rossiya, Qozog‘iston va qator boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Spot.uz xabar berishicha, bu haqda jurnalistlarga respublika Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktorining o‘rinbosari Nuriddin Shodixodjayev ma’lum qilgan.

Mulozimning ta’kidlashicha, bunday kelishuvlar Qirg‘iziston va Ozarbayjon bilan allaqachon tuzilgan. Hujjatlarga ko‘ra, boshqa davlatlarda qonuniy asosda ishlagan fuqaro ularning har biridan pensiya olish huquqiga ega. Masalan, agar O‘zbekiston fuqarosi Ozarbayjonda o‘n yil, o‘z yurtida esa besh yil ishlagan bo‘lsa, har ikki davlat unga tegishli mehnat davri uchun pensiya to‘laydi.

Shodixodjayev pensiyani shakllantirishning asosiy sharti migrantning rasmiy ishlagan bo‘lishi ekanini ta’kidladi. Faqat shu holatdagina mehnat staji hisobga olinadi va kelajakdagi pensiya to‘lovlari miqdoriga ta’sir qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari xorijda ishlab yurgan bo‘lsalar ham, Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda badallar to‘lash imkoniyatiga ega. Vatanga qaytganlaridan so‘ng, agar uch yil davomida xorijda bo‘lgan vaqti uchun har bir yilga bir bazaviy hisoblash miqdori — 440 ming so‘m ($37) miqdorida ijtimoiy soliq to‘lasalar, o‘tgan davrlar mehnat stajiga qo‘shishlari mumkin.

Joriy yil iyul oyida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti to‘g‘risida kelishuv imzolagani xabar qilingan edi. Ushbu kelishuv qo‘shni respublikalar fuqarolarining qayerda — qaysi davlatda rasmiy ishlaganidan qat’i nazar, pensiya huquqlarini himoya qiladi. Bunda pensiya to‘lovlari miqdori tegishli davlat qonunchiligi asosida belgilanadi. Mehnat staji, ish haqi va sug‘urta badallari kabi mezonlar hisobga olinadi.

Toshkent uchun Rossiya va Qozog‘iston bilan shunga o‘xshash hujjatlarni imzolash dolzarbligi bu davlatlarda ko‘p sonli o‘zbekistonliklar mehnat qilayotgani bilan bog‘liq. Masalan, 2026 yil sentyabr oyida keltirilgan statistikaga ko‘ra, xorijda qariyb 1,4 million nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. Ularning yarmidan ko‘pi — 834 mingdan ortiq kishi — Rossiyada, yana qariyb 84,5 ming kishi Qozog‘istonda ishlaydi.

Rossiya aksari Markaziy Osiyo migrantlari uchun ishlash maqsadida tanlanadigan asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun mintaqa davlatlari uchun Moskva bilan pensiya kelishuvlarining ahamiyati katta. SSSR parchalanganidan so‘ng Rossiya hukumati MDH davlatlaridan kelgan va Rossiya pasportini olgan migrantlarga, ular sug‘urta va boshqa badallarni qayerda to‘laganidan qat’i nazar, pensiyalarni rasmiylashtirib, to‘lab kelgan. Biroq, 2023 yilda ushbu tartibni belgilab beruvchi hujjat o‘zining yuridik kuchini yo‘qotdi.

Shundan so‘ng Rossiya alohida kelishuvlar tuzishni boshladi. Jumladan, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ishtirokchilari bilan tegishli kelishuv doirasida yana «pensiya dasturi» bo‘yicha hamkorlarga aylandilar. Ya’ni ushbu Markaziy Osiyo respublikalaridan Rossiyaga ko‘chib kelganlarning SSSR davridagi va davlat mustaqilligiga erishilganidan keyingi mehnat staji — 2021 yilgacha (Rossiyaning MDH davlatlari bilan kelishuvni denonsatsiya qilish jarayoni boshlangan davr), shuningdek, Rossiya hududidagi mehnat faoliyati ham hisobga olinadi.

Tojikistonning Rossiya bilan alohida kelishuvi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, Rossiya pensiyani hisoblashda migrantning avvalgi yashash joyi hududida orttirgan butun mehnat stajini hisobga oladi.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida bunday kelishuvlar hozircha mavjud emas. Garchi tomonlar bir necha yildan buyon ushbu masala bo‘yicha turli darajalarda muzokaralar olib borayotgan bo‘lsa-da.