G‘arbiy Qozog‘iston viloyati Ekologiya departamenti mamlakatdagi eng yirik gaz kondensati koni operatori bo‘lmish «Karachaganak Petrolium Opereyting B.V.» kompaniyasini 2 milliard tenge (4 million dollar) miqdorida jarimaga tortdi, deb xabar beradi Forbes.kz nashri departament matbuot xizmatiga tayanib.
Jarima rejadan tashqari tekshiruv natijasida xomashyo ishlab chiqaruvchisi 2024 yilda ruxsat etilganidan ko‘p zaharli moddalar va oqova suvlarning sizib chiqishiga yo‘l qo‘ygani aniqlangan. Departament jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lash muddati hali tugamaganini ma'lum qiladi.
«Karachaganak Petrolium Opereyting B.V.» Eni (29,25%), Shell (29,25%), Chevron (18%), «Lukoyl» (13,5%) va «KazMunayGaz» (10%) ning qo‘shma qorxonasi hisoblanadi. U dunyodagi eng yirik gaz kondensati konlaridan biri bo‘lgan Qorachig‘anoq konida ishlab chiqarishni boshqaradi.
Shu yil boshida Bloomberg manbalarga tayanib, Qozog‘iston hukumati Qorachig‘anoq operatorlari bilan arbitraj sudida bir necha milliard dollarlik da'vo arizasi bo‘yicha ishni yutib chiqqanini xabar qilgan edi. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, London sudi Ostona pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan, unda Qorachig‘anoq operatorlari mahsulot taqsimoti shartnomasi (MTSh) bo‘yicha kelishilmagan va qoplanmasligi kerak bo‘lgan boshqa xarajatlarni noqonuniy ravishda davlat hisobidan qoplaganligi da'vo qilingan.
Qorachig‘anoq operatorlariga qarshi sud jarayonlari 2023 yili boshlangan. Dastlab da'vo 3,5 milliard dollarni tashkil etgan, ammo keyinchalik qisman xarajatlarning oshishi va korruptsiya ehtimoli haqidagi da'volar tufayli bu summa oshgan. 2024 yili xalqaro kompaniyalar ichki bozor uchun gazni qayta ishlash zavodini qurish orqali nizoni hal qilishni taklif qilishgan. Biroq, keyinchalik bu variant ham shov-shuvli nizolar mavzusiga aylangan.



