10 dekabrdan boshlab Toshkent va O‘zbekistonning yana 15 ta shahar va tumanlarida «Elektron retsept» tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba boshlandi. Endilikda dori vositalarini xarid qilishda fuqarolar dorixonaga albatta shifokor tomonidan tizimga kiritilgan elektron retsept asosida murojaat etishlari lozim bo‘ladi. Tegishli tartib shu yilning 8 sentyabrdagi hukumat qarorida belgilangan, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi (Uzpharmcontrol) matbuot xizmati.
Yangi qoida ko‘plab poytaxt aholisini g‘azablantirdi. Ular dorixonalardan hatto «oddiy dori-darmonlar»ni ham sotib ololmayotganliklaridan shikoyat qilmoqishda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari deyarli har kuni sotib oladigan dori-darmonlar retseptlar ro‘yxatiga kiritilganidan norozilik bildirishmoqda. Ular shifokor qabuliga yozilish va zarur dori-darmonlar uchun elektron hujjat olishga bo‘sh vaqtlari yo‘qligini ta’kidlashmoqda.
Uzpharmcontrol ma’lumotlariga ko‘ra, 9 dekabr holatiga binoan O‘zbekistonda faqat retsept bo‘yicha beriladigan 12 817 ta dori ro‘yxatga olingan. Bularga antibiotiklar, analgin, glyukoza, askorbin kislotasi va tibbiyot spirti kiradi.
Mashhur bloger Nikita Makarenko tajriba sifatida Toshkent dorixonasidan paratsetamol sotib olishga urinib qo‘rgan, ammo retseptsiz buni amalga oshira olmagan.
«Toshkentda kuniga qancha paratsetamol qutisi sotilishini va qancha shifokor borligini aniqlash uchun tadqiqot o‘tkazdingizmi? Tizimga tushadigan yukni hisoblab chiqdingizmi? Ishonchim komilki, hisoblamagansiz», — deya murojaat qiladi faol rasmiylarga.
Mutaxassislar ham norozilik bildirishmoqda. Immunolog va tibbiyot shifokori Azizaxon Xodjayeva «Elektron retsept» loyihasini mutlaqo xom, bema’ni va sinovdan o‘tkazilmagan deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar hozirda tizimga dori-darmonlarni buyurish uchun kira olmayaptilar va bozorda ham chalkashliklar mavjud: farmatsevtlar, masalan, antikoagulyantlar askorbin kislotasi sifatida ko‘rsatilayotganidan shikoyat qilishmoqda.
Mutaxassis shuningdek, nima buyurish kerakligi va nima buyurmaslik kerakligi haqida kim qaror qabul qilayotganini so‘raydi.
«Nega shifokorlar va bemorlarni masxara qilishni o‘zingizga ep ko‘ryapsiz, biz-shifokorlarni so‘z va amal bilan davolash o‘rniga, Sog‘liqni saqlash vazirligining samarasiz loyihalari bilan ovora bo‘lishga majbur qilyapsiz», — deb yozadi Xodjayeva.
U amaldorlarni sinov loyihasini yopishga va shunga o‘xshash tashabbuslarni faqat barcha tafsilotlari ishlab chiqilganidan so‘nggina boshlashga chaqiradi. Shifokor shuningdek, retsept bo‘yicha beriladigan dori-darmonlarni aniqlashga yondashuvni o‘zgartirishni: har qanday dori-darmonni emas, haqiqatan ham retsept bilan beriladiganini kiritishni so‘raydi.
Ushbu tanqidlarga Sog‘liqni saqlash vazirligi ham e’tibor qaratdi. Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, Ishchi guruh tomonidan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlarining murojaatlari, shuningdek, tizim ishga tushirilgan dastlabki kunlarda uning faoliyati, jumladan, poliklinikalarga bo‘ladigan yuklamalar, dori vositalarini berish tartibi va raqamli xizmatlar ishining barqarorligi tahlil qilinyapti.
Vazirlik tez orada tajribaga oid qo‘shimcha ma’lumotlar berishga va’da berdi.
Shuni qo‘shimcha qilish lozim, Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, «Elektron retsept» sinov loyihasi birinchi bosqichda Toshkent va yana 15 ta shahar va tumanlarda amalga oshiriladi. Kelgusi yili barcha tibbiyot muassasalari va dorixonalar tizimga ulanadi, yangi modelga to‘liq o‘tish 2027 yil boshida rejalashtirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi islohot zaruratini ta’kidlarkan, bunday yondashuv noo‘rin retseptlar yozilishini kamaytirishga, bozor shaffofligini oshirishga, dorixonalar uchun teng sharoitlar yaratishga, kontrabanda va noqonuniy farmatsevtika mahsulotlari savdosini aniqlashga yordam berishiga urg‘u beradi.



