Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston hukumatiga 250 million dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘lar oliy, texnik va kasb-hunar ta’limida talabalarni moliyalashtirishga teng imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan EduImkon dasturini amalga oshirish uchun ishlatiladi, deyiladi xalqaro tashkilot press-relizida.
Jahon banki xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, dastur uch yil davom etishi rejalashtirilgan. 2028 yil dekabr oyiga kelib, ushbu loyiha doirasida taxminan 600 000 yosh talabalarning moliyalashtirish imkoniyatidan foydalanishi kutilmoqda. Ular Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan muvofiqlashtirilgan holda ishlaydigan O‘zbekistondagi 12 ta tijorat bankida talaba kreditlarini olishlari mumkin bo‘ladi.
EduImkon uchun ajratilgan mablag‘larning qariyb 80 foizi, ya’ni 190 million dollardan ortiq mablag‘ kam ta’minlangan oilalar va qizlarga, zaif guruhlardan bo‘lgan talabalarga beriladi.
Dasturning yana bir jihati talabalarni mehnat bozorida talabgir yuqori mutaxassislikni tanlashga undashdir. Shuning uchun, talaba kreditlarini ajratishda STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) va IT sohalariga ustunlik beriladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, loyiha doirasida qo‘shimcha 30 million dollarlik xususiy kapitalni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ushbu mablag‘ talaba kreditlari imkoniyatlarini kengaytirishga va O‘zbekiston davlat budjetiga yuklamani kamaytirishga yordam beradi.
Umuman olganda, dastur bir qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi, jumladan:
✅ talaba kreditlari tizimida boshqaruv va operatsion jarayonlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va amalga oshirish;
✅ kreditga topshirilgan rizalarni ko‘rib chiqishni soddalashtirish va tezlashtirish, shuningdek, jarayon samaradorligi va shaffofligini oshirish uchun yagona onlayn platformani ishga tushirish;
✅ ushbu guruhlar uchun kreditga ariza berish jarayonini soddalashtirish orqali kam ta’minlangan oilalar talabalari va qizlar uchun oliy, texnik va kasb-hunar ta’limiga kirishni kengaytirish;
✅ ta’limni mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishni yaxshilash;
✅ kam ta’minlangan talabalarni va bitiruvdan so‘ng vaqtinchalik ishsizlikka duch kelayotganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qarz oluvchining daromadiga bog‘liq to‘lovlar bilan kredit tizimini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish.
Jahon banki tahlilchilarining fikricha, O‘zbekiston hukumati ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlar qilmoqda. 14-30 yoshdagi aholisi taxminan 10 million kishidan iborat mamlakatda bu jarayonga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu universitetlar sonining ko‘payishi va yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasining oshishiga olib keldi: 2017 yildagi 8% dan 2024 yilgi 48% gacha.
Biroq, bu asosan davlat tomonidan subsidiyalanadigan talabalar kreditlari tizimiga yuklamani ham oshirdi. Bundan tashqari, mehnat bozori bilan aniq o‘zaro bog‘liqlik yo‘q, ya’ni ta’lim uchun mablag‘lar kelajakda mutaxassislarga bo‘lgan talabni hisobga olmagan holda ajratiladi, bu esa bitiruvchilarning yuqori maoshli ish topish imkoniyatlarini kamaytiradi. Bundan tashqari, qizlar talabalarning 55% va kredit oluvchilarning 80% ni tashkil etsa-da, ularning atigi uchdan bir qismi STEM yo‘nalishida tahsil olmoqda. Bularning barchasi EduImkon dasturini ishga tushirishga turtki bo‘ldi.



