Pekin toliblardan tojik-afg‘on chegarasida Xitoy fuqarolari o‘ldirilgani holatlarini tekshirishni talab qildi

Fu Kung. Videodan kadr

Xitoy Afg‘onistonni boshqarayotgan «Tolibon»* harakatidan tojik-afg‘on chegarasida Xitoy fuqarolari o‘ldirilgani holatlarini batafsil tekshirishni talab qildi, deb xabar beradi Afghanistan International.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik Kengashida so‘zlagan nutqida Xitoy elchisi Fu Kung bu kabi hodisalar oldini olish uchun mintaqada nazoratni kuchaytirishga chaqirdi. Diplomat Xitoy fuqarolarining o‘ldirilishini qattiq qoraladi, hodisalarni jiddiy xavfsizlikka tahdid deya atadi va Afg‘oniston rasmiylarini shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. U Pekin muvofiqlashtirish mexanizmlarini mustahkamlash va barqarorlikni ta’minlash uchun mintaqadagi mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi.

Fu Kung Afg‘onistonda turli terrorchi guruhlar faolligicha qolayotganini ta’kidladi. U ISHID* («Iroq va Shom islom davlati»*), «Sharqiy Turkiston islom harakati»* va «Tahrik-i-Tolibon Pokiston»* guruhlarini tilga oldi.

Diplomat «Tolibon» harakatini mazkur guruhlarni yo‘q qilishga chaqirdi. Shuningdek, u Tojikiston va toliblarga fojiali voqealar takrorlanishining oldini olish uchun chegarada nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.

Bunday bayonotga noyabr oyi oxirida Tojikistonda xitoylik ishchilarga qilingan ikkita hujum sabab bo‘lgandi. Noxush voqealar Afg‘oniston bilan chegaraga yaqin joyda sodir bo‘lgandi.

26 noyabr kuni «Shoxin SM» kompaniyasining uch nafar xodimi, uchuvchisiz uchish apparati hujumida halok bo‘ldi, 30 noyabr kuni esa China Road and Bridge Corporation kompaniyasining ikki xodimi Afg‘oniston hududidan olib borilgan otishma natijasida halok bo‘ldi. Yana besh kishi jarohat oldi. Xitoy elchixonasi Tojikiston rasmiylari bilan favqulodda muzokaralar olib bordi va Xitoy kompaniyalariga chegara hududlaridan o‘z xodimlarini evakuatsiya qilishni tavsiya qildi.

2 dekabr kuni Tojikiston va Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirlari hamkorlikda xavfsizlik qo‘mitalarini tuzish va chegarachilar o‘rtasida muntazam aloqalarni o‘rnatishga kelishib oldilar. Ikkala tomon ham hujumlar uchun Kobul va Dushanbe o‘rtasidagi ishonchni buzishga intilayotgan «noxolis guruhlar»ni aybladilar.

Keyinchalik, Afg‘onistonda hodisalardan biriga aloqadorlikda gumon qilingan ikki kishi hibsga olingani xabar qilindi. Hozircha birorta terrorchi guruh xitoylik fuqarolar o‘ldirilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.